Jahon

Isroillik ko‘chmanchilar G‘arbiy Sohilda falastinliklar va jurnalistlarga hujum qildi

Isroillik ko‘chmanchilar G‘arbiy Sohilda falastinliklar va jurnalistlarga hujum qildi

Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilda zaytun hosilini terayotgan falastinlik dehqonlar, faollar va jurnalistlar yahudiy ko‘chmanchilar hujumiga uchradi. Bu haqda Reuters agentligi guvohlarning so‘zlari va voqea joyidan olingan tasvirlarga asoslanib xabar berdi.

Hodisa tafsilotlari
Hujum 8-oktyabr kuni Nablus shahri janubidagi Beita qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Tayoq va toshlar bilan qurollangan ko‘chmanchilar hosil yig‘ayotgan dehqonlarga va ularni kuzatib yurgan jurnalistlarga hujum qilgan. Jarohatlanganlar orasida Reuters agentligining ikki xodimi — bir jurnalist va xavfsizlik maslahatchisi ham bor.

Guvohlarning aytishicha, Reuters fotosuratchisi Ranin Savafta bir necha bor urilgan va toshbo‘ron qilingan. Isroillik inson huquqlari faoli Jonatan Pollakning so‘zlariga ko‘ra, hujumda taxminan 50 nafar niqobli ko‘chmanchi ishtirok etgan:

“Ular Savaftani shafqatsizlarcha urishdi, yerga yiqilgach ham toshbo‘ron qilishdi, so‘ng unga yordamga kelganlarning barchasiga hujum qilishdi,” – dedi u.

Rasmiy munosabatReuters agentligi hodisadan so‘ng Isroil armiyasiga rasmiy so‘rov yuborgan. Isroil harbiylari “to‘qnashuv to‘g‘risidagi xabar kelib tushgach, askarlar voqea joyiga yuborilganini” ma’lum qilgan.

“Armiya har qanday zo‘ravonlikni qoralaydi va mintaqada xavfsizlik hamda tartibni saqlash uchun harakatni davom ettiradi,” – deyiladi bayonotda.

Biroq guvohlarning aytishicha, to‘polon vaqtida hududda harbiylar bo‘lmagan.

G‘arbiy Sohilda bunday hujumlar ayniqsa zaytun hosilini yig‘ish mavsumida tez-tez sodir bo‘ladi. Falastinlik dehqonlar har yili o‘z hosilini himoya qilish uchun xalqaro faollar va jurnalistlardan yordam so‘raydi, biroq ko‘pincha bu choralar ham zo‘ravonliklarning oldini ola olmaydi.