AQSH prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilishiga umid bildirmoqda. Ammo bu jarayon valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ning shu oy Oq uyga rejalashtirilgan tashrifi chog‘ida amalga oshishi kutilmayapti. Sababi, Ar-Riyod Tel-Aviv bilan munosabatlar o‘rnatish uchun o‘z talablarini yanada kuchaytirgan.
Reuters manbalariga ko‘ra, Saudiya hukumati AQSHga diplomatik kanallar orqali “Isroil bilan munosabatlar faqat Falastin davlatchiligiga olib boruvchi aniq yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan taqdirdagina normallashtiriladi” degan pozitsiyani yetkazgan. Shuningdek, tomonlar muzokaralar boshlanishidan avval o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirish ishlarini olib bormoqda.
Falastin davlatchiligi — asosiy shart
AQSH Milliy razvedka kengashi sobiq o‘rinbosari, Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis Jonatan Panikoffning fikricha, MbS yaqin orada Isroil bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmayapti. Aksincha, u Trampdan “mustaqil Falastin davlatini tuzish uchun aniq siyosiy qo‘llab-quvvatlov” so‘rashi mumkin.
Bu tashrif Muhammad bin Salmonning 2018-yilda jurnalist Jamol Qoshiqchi o‘ldirilganidan keyin Oq uyga qiladigan ilk safari bo‘ladi. O‘shanda valiahd shahzoda qotillikka aloqadorligini rad etgan edi.
Ibrohim kelishuvlari fonida
2020-yilda Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn va Marokash Isroil bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatgan edi — bu jarayon “Ibrohim kelishuvlari” nomi bilan tanilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, “yana bir qancha davlatlar” bu kelishuvga qo‘shilishga tayyor, ulardan eng muhim nomzod esa — Saudiya Arabistoni.
“Ko‘plab davlatlar ushbu kelishuvga qo‘shilmoqda. Umid qilamanki, tez orada Saudiya Arabistoni ham ular qatorida bo‘ladi,” — dedi Tramp 5-noyabr kuni.
Biroq, avvalgi kelishuvlardan farqli ravishda, bu safar Falastin mustaqilligi masalasi markaziy o‘ringa chiqmoqda. Ar-Riyod uchun bu shart — diplomatik aloqalarning boshlanishi yoki butunlay to‘xtashi bilan bog‘liq asosiy mezon bo‘lib qolmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!