O‘zbekistonda joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi sohalariga jami 39,2 trillion so‘m investitsiya o‘zlashtirildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mablag‘larning asosiy qismi xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan yo‘naltirilgan.
2021-yilda bu sohalarga 11,4 trillion so‘m, 2022-yilda 11,3 trillion so‘m, 2023-yilda 10,2 trillion so‘m, 2024-yilda esa 18,2 trillion so‘m sarmoya o‘zlashtirilgan. 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, investitsiyalar hajmi keskin oshib, 39,2 trillion so‘mga yetdi.
Mutaxassislar bu o‘sishni qishloq xo‘jaligida texnologik modernizatsiya, suv tejovchi tizimlar joriy etilishi va eksport yo‘nalishlarining kengayishi bilan izohlashmoqda.
Shuningdek, 2025-yilning to‘qqiz oyida tog‘-kon va ishlab chiqarish sanoatlariga ham sezilarli hajmda investitsiyalar yo‘naltirilgan. Ularning 13,3 foizi to‘qimachilik mahsulotlari va kiyim ishlab chiqarishga, 10,7 foizi esa tabiiy gaz qazib olish tarmoqlariga to‘g‘ri kelgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!