Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12-noyabrdagi farmoniga ko‘ra, Amerika—O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etiladi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, kengashning maqsadi — O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo, investitsiya va tijorat aloqalarini kengaytirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Kengash faoliyati doirasida quyidagi masalalar ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanadi:
– strategik biznes tashabbuslar, yirik investitsiya va savdo loyihalarini ishlab chiqish, kelishish va ularning ijrosini monitoring qilish;
– O‘zbekistonga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish uchun maxsus investitsiya fondini yaratish hamda DFC, YTTB, XMK, OTB kabi yirik moliya institutlarini jalb etish;
– tarif stavkalarini o‘zaro pasaytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish;
– IT-park rezidentlari mahsulot va xizmatlarini xalqaro bozorlarda ilgari surish;
– mamlakatning investitsiya portfelini, jumladan, Markaziy bank valyuta zaxiralari va boshqa aktivlarni diversifikatsiyalash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 4–6-noyabr kunlari AQSHga tashrifi chog‘ida “C5+1” sammiti doirasida ushbu kengashni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Kengashga O‘zbekiston tomondan Prezident administratsiyasi rahbari, AQSH tomondan esa prezident vakili hamraislik qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!