Siyosat

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,9 foizgacha pasaydi

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,9 foizgacha pasaydi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning uchinchi choragi yakunida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,9 foizni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,8 punktga kam.

Mamlakat aholisi 37,8 million kishi bo‘lib, shundan:
– mehnat resurslari — 20,35 million nafar (+1,9%);
– iqtisodiy faol aholi — 15,57 million nafar;
– band aholi — 14,81 million nafar (+4,1%).

Rasmiy sektorda bandlar soni 8,58 million kishiga yetib, 17 foizga oshdi. Norasmiy sektorda esa ishchilarning soni 26,9 foizga kamayib, 4,38 million nafarni tashkil etdi. Shu bilan birga, chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni 1,86 million nafarga yetdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 512 ming kishiga ko‘p.

2025-yil davomida 4,45 million kishi daromadli mehnat bilan ta’minlandi:
– qishloq xo‘jaligida — 1,29 mln;
– xizmat ko‘rsatishda — 2,74 mln;
– qurilishda — 172,3 ming;
– investitsiya loyihalari orqali — 256,2 ming nafar.

Vazirlik ma’lum qilishicha, ishsizlik darajasining pasayishiga bandlik siyosati va yangi ish o‘rinlarining yaratilishi sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, 2025-yil 1-noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Nafaqa olish uchun fuqaro so‘nggi besh yilda kamida 18 oy ishlagan va shartnomasi bekor qilingan bo‘lishi, shuningdek, olti oy ichida murojaat qilishi zarur. To‘lov miqdori oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi asosida uch oy davomida amalga oshiriladi.