O‘zbekiston Markaziy banki 2025-yil oktyabr oyida mamlakatda oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlar sohasida kuzatilgan yillik narx o‘zgarishlari bo‘yicha hisobot e’lon qildi.
🔹 Nooziq-ovqat mahsulotlari
Hisobotda qayd etilishicha, metan narxi bir yilda 30,5 foizga oshgan. Shuningdek, benzin 11,7 foizga, nikoh uzugi 33,4 foizga, gazeta va jurnallar 15,3 foizga, sigaret 9,6 foizga, tabiiy gullar esa 9,8 foizga qimmatlagan.
Bunga qarama-qarshi, propan narxi 18 foizga, konditsionerlar 1,3 foizga, televizorlar 0,3 foizga, qog‘oz esa 3,9 foizga arzonlashgan.
Umuman olganda, iste’mol narxlari indeksiga kiritilgan 250 turdagi nooziq-ovqat mahsulotlarining 97 foizida yillik o‘sish 10 foizdan oshmagan.
🔹 Oziq-ovqat mahsulotlari
Eng ko‘p qimmatlashgan mahsulotlar qatorida suyaksiz mol go‘shti (25,3 foiz), suyakli go‘sht (24,2 foiz), karam (24,7 foiz), kungaboqar moyi (22,6 foiz) va piyoz (18,9 foiz) qayd etilgan.
Aksincha, shaftoli narxi 28,7 foizga, tarvuz 21,8 foizga, guruch 18 foizga, bodring va banan esa mos ravishda 17,6 va 15,1 foizga arzonlashgan.
Oziq-ovqat mahsulotlarining 88 foizida yillik o‘sish 10 foizdan kam bo‘lgan.
🔹 Xizmatlar sektori
Xizmatlar sohasida ham bir qator o‘zgarishlar kuzatildi. Pul o‘tkazmalari 4,8 foizga, mikromoliyaviy xizmatlar esa 0,2 foizga arzonlashgan.
Biroq davlat bog‘chalari (21 foiz), markaziy isitish (20,9 foiz) va elektr energiyasi (18,8 foiz) xizmatlarida narxlar oshgan.
Bundan tashqari:
-
ichki aviareyslar – 52,3 foizga,
-
tarmoq gazi – 39,2 foizga,
-
sovuq suv – 35,1 foizga,
-
muzey xizmatlari – 32,3 foizga,
-
chiqindi tashlash – 28,6 foizga,
-
suyultirilgan gaz – 25 foizga,
-
shahar avtobusi yo‘l haqi – 22,3 foizga oshgan.
🔹 Yillik inflyatsiya
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda yillik inflyatsiya darajasi 7,8 foizni tashkil etib, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,4 foiz punktga past ko‘rsatkichdir.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!