Berlin ma’muriy sudi 12-noyabr kuni Isroilga qurol eksportini to‘xtatish bo‘yicha kiritilgan ikki da’voni protsessual sabablarga ko‘ra rad etdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Shikoyatlar Germaniyada yashovchi falastinlik shifokor, uning G‘azodagi otasi va bir nechta hamrohlar tomonidan berilgan bo‘lib, ular Germaniya hukumatidan Isroilga yangi qurol yetkazishni to‘xtatishni hamda avval berilgan 3 mingta tankka qarshi qurol eksport litsenziyasini noqonuniy deb topishni so‘ragandi.
Sudning asoslari
Sud bayonotida ta’kidlanishicha, Germaniya hukumati so‘nggi oylarda Isroilga jangovar qurol yetkazish siyosatini o‘zgartirgan va hozirgi holatda xalqaro huquqning buzilish xavfi aniqlanmagan.
Shuningdek, eksportni noqonuniy deb topish haqidagi talab faqat hukumat kelajakda aynan shunday qarorni qabul qilish ehtimoli aniq bo‘lsa, ko‘rib chiqilishi mumkinligi bildirildi.
“G‘azo urushi 2023-yil kuzidan beri sezilarli o‘zgargan. Shu sabab xalqaro huquqning buzilishi xavfi aniqlanmadi”, — deyiladi sud qarorida.
Da’vogarning chiqishi
Sud majlisida falastinlik shifokor G‘azoda yaradorlarga yordam bergani va “Germaniyada ishlab chiqarilgan qurollarning oqibatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini” aytdi.
“Men bolalar hayoti uchun kurashdim, ularning dini yoki millatidan qat’i nazar. Boshqalardan ham shuni kutaman”, — dedi u.
Sud raisi uning Germaniyada uzoq vaqt yashab kelgani sababli shikoyati qanoatlantirilmasligini bildirgach, shifokor da’vosini qaytarib oldi.
Germaniya siyosatidagi o‘zgarishlar
2023-yil 7-oktyabrda HAMAS hujumi ortidan Germaniya Isroilga qurol yetkazib berishni kuchaytirgandi. Biroq 2025-yil avgust oyida kansler Fridrix Mers G‘azodagi zo‘ravonlik kuchaygani bois vaqtincha qurol eksportiga ruxsat berishni to‘xtatganini e’lon qilgan.
Shunga qaramay, 2025-yil sentyabr oyida Germaniya hukumati qiymati 2,46 million yevrolik harbiy uskunalar eksportini tasdiqlagan. Bu yanvar–avgust oylaridagi 250 million yevrolik umumiy eksportga nisbatan ancha kam.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!