Jamiyat

Qamchiqda miltiq ko‘targan erkak do‘konga kirib, sotuvchi ayolni jarohatlagani aniqlandi

Qamchiqda miltiq ko‘targan erkak do‘konga kirib, sotuvchi ayolni jarohatlagani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qamchiqda bo‘lgani aytilgan, miltiq ko‘targan erkak do‘konga bostirib kirib, sotuvchi ayolga jarohat yetkazgani aks etgan video tarqaldi. Videoda erkak qo‘lida ov quroli bilan do‘konga kirib, baqir-chaqir qilgani, yana bir xaridor uni qurol bilan urib ko‘rgani aks etgan. Xaridor ketganidan so‘ng, erkak sotuvchi ayolga qurol bilan zarba bergani ko‘rilgan.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, voqea 22-oktyabr kuni Ohangaron tumanining “Ko‘ksaroy” MFY hududida sodir bo‘lgan. 33 yoshli R.Q. (erkak) shar’iy nikohidagi turmush o‘rtog‘i, 35 yoshli N.Sh. (ayol) yoniga 2021-yildan o‘zida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan ov quroli bilan kelib, nizo sababli ayolga tahdid qilgan va zarba bergan.

Holat bo‘yicha:

  • Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi (qasd bilan yengil tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
  • Erkak gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan.
  • Uning ovchilik guvohnomasi bekor qilinib, TOZ-34 rusumli ov quroli musodara qilingan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi jabrlanuvchi ayolning olgan jarohatlari “sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga olib keladigan yengil tan jarohati” ekanini tasdiqlagan.

Hozirda voqea Toshkent viloyati IIBB nazoratida bo‘lib, Ohangaron tumani IIB tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.