Siyosat

YUNESKO 43-Bosh konferensiyaning yuqori darajada o‘tganini e’tirof etib, O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi

YUNESKO 43-Bosh konferensiyaning yuqori darajada o‘tganini e’tirof etib, O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi

30-oktyabrdan 14-noyabrgacha Samarqand shahrida YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Global miqyosdagi ushbu nufuzli tadbirning yuqori darajada tashkil etilgani uchun YUNESKO O‘zbekiston xalqiga va hukumatiga rasmiy tarzda chuqur minnatdorlik bildirib murojaat yo‘lladi.

Tashkilot o‘z murojaatida quyidagilarni ta’kidladi:

“O‘zbekiston xalqi va hukumatiga yuqori darajadagi qabul, saxovatli mehmondo‘stlik va konferensiya ishining eng yaxshi sharoitlarda o‘tkazilishini ta’minlash uchun ko‘rilgan barcha choralar uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz”.

YUNESKO, shuningdek, O‘zbekiston hukumatining barcha a’zo davlatlar, assotsiatsiyalashgan a’zolar va kuzatuvchilar delegatsiyalarining to‘liq ishtirokini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Murojaatda, xususan, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan ko‘rsatilgan bevosita e’tibor, yordam va shaxsiy ishtirok alohida e’tirof etildi:

“Bosh konferensiya o‘tkazilishiga ko‘rsatgan bebaho yordami, e’tibori va shaxsiy ishtiroki uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti janobi oliylariga samimiy minnatdorchilik bildiradi”.

Shuningdek, konferensiya jarayonining uzluksiz va samarali o‘tishini ta’minlagan o‘zbek xizmatlari, tashkilotchilar va xodimlarning fidoyiligi ham yuksak baholandi.

YUNESKO O‘zbekistonning boy madaniy merosi, qadimiy sivilizatsiyaga mansub xazinalari delegatsiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat va uyg‘unlik ruhini mustahkamlashga katta hissa qo‘shganini qayd etdi.

Murojaat so‘ngida tashkilot O‘zbekiston xalqi va hukumatiga do‘stlik va o‘zaro hurmat izhor qilib, kelajakdagi hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.