Jahon

AQSH Davlat departamenti: DV-2027 lotereyasi boshlanganini aytayotgan xabarlar — yolg‘on

AQSH Davlat departamenti: DV-2027 lotereyasi boshlanganini aytayotgan xabarlar — yolg‘on

So‘nggi kunlarda internetda AQSHning Diversity Visa (DV-2027 — Green Card) dasturi uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlanganini da’vo qiluvchi xabarlar tarqalmoqda. AQSH Davlat departamenti bu ma’lumotlar asossiz ekanini rasman ma’lum qildi.

Rasmiy ogohlantirish: yolg‘on e’lonlarga ishonmang

Davlat departamentining ta’kidlashicha, ayrim saytlar va vositachilar lotereya boshlanganini aytib, fuqarolardan shaxsiy ma’lumot yoki pul talab qilmoqda. Ba’zilar esa “g‘alaba kafolati”, “imkoniyatni oshirish”, “kafolatli ariza to‘ldirib berish” kabi va’dalar bilan fuqarolarni chalg‘itmoqda.

Rasmiy bayonotda shunday deyiladi:

“DV-2027 ro‘yxatdan o‘tish boshlanganini da’vo qilayotgan firibgarlik holatlaridan, shuningdek, natijaga ta’sir o‘tkaza olishini aytayotgan shaxslardan xabardormiz. Bu — yolg‘on.”

Rasmiy ro‘yxatdan o‘tish faqat eDV orqali

AQSH Davlat departamenti lotereyaga arizalar qabul qilish boshlanishi va tartibga oid barcha yangiliklar faqat travel.state.gov saytida e’lon qilinishini yana bir bor eslatdi.

Arizalar esa faqat rasmiy portal — eDV (Electronic Diversity Visa) orqali topshiriladi.

Boshqa saytlar yoki vositachilardan foydalanish:

  • shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishiga,
  • pul yo‘qotilishiga,
  • arizaning haqiqiy qabul qilinmasligiga olib kelishi mumkin.