Siyosat

Toshkent—Humo aeroportida Mirziyoyev va To‘qayev uchrashuv o’tkazdi

Toshkent—Humo aeroportida Mirziyoyev va To‘qayev uchrashuv o’tkazdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. “Toshkent—Humo” xalqaro aeroportida ikki davlat rahbarlari qisqa uchrashuv o‘tkazib, O‘zbekiston—Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Tashrif doirasida To‘qayevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalarini ijro etdi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiya a’zolari bilan salomlashdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, ertaga — 15-noyabr kuni oliy darajadagi muzokaralar va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Sammit doirasida yirik qo‘shma loyihalar ishga tushirilishi hamda ikki tomonlama hujjatlarning katta to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, 15–16-noyabr kunlari Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi o‘tkaziladi. Unda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etadi.