BMTning Livandagi muvaqqat tinchlik kuchlari (UNIFIL) Isroil armiyasi Livan janubida, BMT belgilagan “Ko‘k chiziq” yaqinida beton devorlar qurayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
UNIFIL Livan armiyasi bilan hamkorlikda o‘tgan noyabrda “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasida imzolangan sulhni mustahkamlash ustida ishlamoqda. Tashkilotning ta’kidlashicha, Isroil tomonidan qurilayotgan devorlar Livan suverenitetini buzmoqda. Isroil esa bu ayblovni rad etmoqda.
4 ming kvadrat metr Livan hududiga kirish to‘sildi
UNIFIL rasmiy bayonotida aytilishicha, oktyabr oyida Yarun qishlog‘i yaqinida Isroil mudofaa kuchlari o‘rnatgan beton devor o‘rganilgan va:
“Devor Ko‘k chiziqdan o‘tib ketgan, oqibatda 4 ming kvadrat metrdan ortiq Livan hududiga aholi kira olmayapti,”
— deyiladi bayonotda.
Noyabr oyida tinchlik kuchlari tomonidan yana qo‘shimcha devor qismlari qurilayotgani kuzatilgan va uning ayrim segmentlari ham chiziqni kesib o‘tgani qayd etilgan.
AFP mazkur holat yuzasidan Isroil harbiylariga murojaat qilganda, ular:
“Bu devor 2022-yilda boshlangan keng ko‘lamli harbiy rejaning bir qismidir. Urush boshlanganidan beri shimoliy chegara bo‘ylab muhofaza choralari kuchaytirildi. Devor Ko‘k chiziqdan o‘tmagan,”
— deya javob bergan.
BMT: bu — 1701-rezolutsiya buzilishi
UNIFIL mazkur qurilishlarni BMT Xavfsizlik Kengashining 2006-yilgi 1701-rezolutsiyasi talablarining buzilishi sifatida baholamoqda. Aynan shu rezolyutsiya 2006-yilgi Isroil–“Hizbulloh” urushiga chek qo‘ygan va 2024-yildagi sulhning huquqiy asosini yaratgan edi.
BMT Isroilga devorlarni ko‘chirish bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborganini, noyabr oyi bo‘yicha yakuniy xulosa tez orada taqdim etilishini bildirdi.
Isroil qo‘shinlari hanuz 5 nuqtadan chiqmagan
Sulh shartlariga ko‘ra, Isroil Livan janubidan qo‘shinlarini olib chiqishi kerak edi. Biroq Tel-Aviv strategik deb hisoblaydigan 5 nuqtada harbiylarini saqlab turibdi va Livanga muntazam hujumlar uyushtirmoqda. Yahudiy davlati bu hujumlarni “Hizbulloh”ga qarshi operatsiyalar” sifatida izohlaydi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!