Jahon

Venesuela prezidenti Trampni Afg‘onistondagi kabi “abadiy urush”dan qochishga chaqirdi

Venesuela prezidenti Trampni Afg‘onistondagi kabi “abadiy urush”dan qochishga chaqirdi

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro AQSH prezidenti Donald Trampni Afg‘onistondagi kabi “abadiy urush”ga kirishmaslikka chaqirdi. Bu haqda u Karakasdagi Miraflores saroyi tashqarisida CNN’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Maduroning bu chaqirig‘i mintaqada Amerika harbiylari soni ortib borayotgan, AQSH Urush vaziri Pit Xegset esa Venesuelani “narko-terroristlardan tozalash”ga va’da qilayotgan bir paytda yangramoqda. Xabar qilinishicha, dunyodagi eng yirik harbiy kema — USS Gerald Ford Venesuela tomon yo‘l olgan.

Maduro Trampni mojaroni kuchaytirish emas, diplomatik yo‘l tutishga undab shunday dedi:

“Abadiy urushlar bo‘lmasin. Adolatsiz urushlar bo‘lmasin. Liviyadagi yoki Afg‘onistondagi kabi abadiy urush kerak emas. Tinchlik bo‘lsin.”

AQSH “Janubiy Nayza” operatsiyasini e’lon qildi

Maduro intervyusidan ko‘p o‘tmay, Urush vaziri Pit Xegset AQSHning “Janubiy Nayza” nomli yangi harbiy operatsiyasini boshlaganini e’lon qildi.

“G‘arbiy yarim shar Amerikaning qo‘shni hududi. Biz uni himoya qilamiz,” — dedi Xegset.

Vazirga ko‘ra, operatsiya AQSHni narkotik moddalarning kirib kelishidan himoya qilishga qaratilgan. Biroq bu tashabbus aynan hozir nega rasman e’lon qilingani noma’lum — chunki Janubiy qo‘mondonlik bundan 10 oy avval ham xuddi shu nomdagi operatsiya boshlanganini bildirgandi.

Tahlilchilarning fikricha, Xegsetning bayonoti Tramp ma’muriyatining Maduroga bosimni keskin kuchaytirish strategiyasiga mos keladi. Rasmiy izohlar operatsiyaning giyohvandlikka qarshi kurash doirasida olib borilayotganini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, mutaxassislar Venesuela kokain ishlab chiqaruvchi davlat emasligiga e’tibor qaratmoqda. Kokain asosan Kolumbiya, Peru va Boliviyada ishlab chiqariladi, fentanil kontrabandasining markazi esa — Meksika.

Shu sabab ko‘plab ekspertlar AQSH qo‘shinlarining mintaqada misli ko‘rilmagan darajada ko‘paytirilishini — 1989-yildagi Panama bosqinidan beri eng yirik harbiy safarbarlik — siyosiy maqsad bilan bog‘lamoqda.

Ularning fikricha, Tramp birinchi prezidentlik muddatida amalga oshira olmagan maqsad — Maduroni hokimiyatdan chetlatish — endi harbiy bosim orqali qayta kun tartibiga chiqarilgan.