Janubiy Afrikada 153 nafar falastinlik yo‘lovchi taxminan 12 soat davomida samolyotdan tushirilmay ushlab turildi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi. Yo‘lovchilar 13-noyabr kuni ertalab Keniyadan uchib kelgan charter reysi orqali Yohannesburgdagi O.R. Tambo aeroportiga qo‘ngan. Mahalliy matbuot ularning urushdan vayron bo‘lgan G‘azodan qochib kelganini bildirdi.
Nega ular samolyotdan tushirilmagan?
Janubiy Afrika immigratsiya xizmati falastinliklar pasportlarida Isroil tomonidan qo‘yilishi lozim bo‘lgan chiqish muhri yo‘qligini, shuningdek, ularning mamlakatdagi manzili va qolish muddati ko‘rsatilmaganini asos sifatida ko‘rsatgan. Politsiya ham hujjatlarda odatiy chiqish muhrlari yo‘qligini, biroq yo‘lovchilardan hech biri boshpana so‘ramaganini ma’lum qilgan.
Mahalliy ruhoniy Nayjel Branken vaziyatni o‘ta og‘ir deb ta’rifladi:
“Juda issiq edi. Bolalar yig‘lab, qichqirib, terlab o‘tirishardi,” — dedi u SABC telekanaliga.
Ichki ishlar vazirligi aralashganidan so‘ng yo‘lovchilarga samolyotdan tushishga ruxsat berildi. “Gift of the Givers” nodavlat tashkiloti ularga vaqtinchalik joy ajratdi. 153 yo‘lovchidan 23 nafari boshqa davlatlarga uchib ketgan, yana 130 nafari Janubiy Afrikada qolmoqda.
Isroilning chiqish ruxsati va chalkash ma’lumotlar
Samolyot reysi haqida ma’lumotlar turlicha. Ayrim xabarlarda reys Janubiy Afrika aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgani aytiladi. Haaretz gazetasi esa Isroil falastinliklarning G‘azoni tark etishiga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatgani, ularga Ramon aeroporti orqali uchishga ruxsat berganini yozmoqda. Biroq bu uchun qabul qiluvchi davlat samolyot ajratishi kerak bo‘lgani bildirilgan.
Shu bilan birga, nega falastinliklarning pasportlari muhrlanmagani va nega Janubiy Afrika rasmiylari ularning kelishidan bexabar bo‘lgani hanuz noma’lum.
“Gift of the Givers” rahbari Imtiyoz Sulaymonning aytishicha, so‘nggi ikki haftada JARga yana bir samolyotda falastinliklar kelgan bo‘lib, yo‘lovchilar o‘zlari ham qayerga olib ketilayotganini to‘liq bilmagan.
Janubiy Afrika — Isroilning keskin tanqidchisi
Janubiy Afrika uzoq yillardan buyon Isroil siyosatini ochiq tanqid qilib keladi va uni mamlakatdagi tarixiy aparteid rejimi bilan qiyoslaydi. JAR hatto Isroilni Xalqaro sudga bergan davlatlardan biridir.
Haaretz ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha 7 ming falastinlik Kerem Shalom orqali, yana 30 ming nafari Rafah orqali G‘azodan chiqib ketgan. Xalqaro Qizil Xoch esa bosib olingan hudud aholisi majburan ko‘chirilsa, bu urush jinoyati hisoblanishini eslatmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!