Hodisa

Toshkentda havo sifatining keskin yomonlashgani ma’lum qilindi

Toshkentda havo sifatining keskin yomonlashgani ma’lum qilindi

“Oʻzgidromet” Toshkent shahridagi atmosfera havosi ifloslanishi bo‘yicha navbatdagi monitoring natijalarini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 16-noyabr kuni soat 20:00 da poytaxt havosida me’yorlardan ancha yuqori ifloslanish qayd etilgan.

PM10 ko‘rsatkichi me’yoridan 1,2 barobar yuqori

Toshkent havosidagi PM10 – mayda dispersli zarrachalarning miqdori 373 mkg/m³ni tashkil etdi. Bu ruxsat etilgan me’yor (300 mkg/m³)dan 1,2 barobar ko‘p.

PM2.5 zarrachalari me’yoridan 3,4 barobar oshdi

Yana xavotirli ko‘rsatkich — PM2.5 miqdori 202 mkg/m³ga yetdi. Bu belgilangan me’yor (60 mkg/m³)dan 3,4 barobar yuqori bo‘lib, aholining sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

“Oʻzgidromet” mutaxassislari bunday o‘sishga haroratning keskin o‘zgarishi sabab bo‘layotganini, aynan shu jarayon atmosfera inversiyasini keltirib chiqarib, mayda zarrachalarning havoda to‘planib qolishiga olib kelishini ta’kidladi.

Noqulay ob-havo bir necha kun davom etadi

Tashkilot bunday meteorologik sharoitlar respublika bo‘ylab yana bir necha kun saqlanishini ma’lum qildi. Aholi va mehmonlarga:

  • imkon qadar ochiq havoda sayrni kamaytirish,

  • tashqarida bo‘lganda niqob taqish

kabi ehtiyot choralariga amal qilish tavsiya etildi.

Qo‘shni Qozog‘istonda ham havo sifati yomonlashmoqda

Avvalroq “Kazgidromet” 17-noyabr kuni Qozog‘istonning 11 shahrida havo sifati pasayishi kutilayotganini bildirgandi. Bunga shamol sustligi, tuman va atmosfera inversiyasi sabab bo‘layotgani qayd etilgan.

JST: Havo ifloslanishi — global xavf

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili havo ifloslanishi sabab 7 millionga yaqin odam hayotdan ko‘z yumadi. Hozirda dunyo aholisining 99 foizi sifat talablari yetarli bo‘lmagan havodan nafas olmoqda.