Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-noyabr kuni paxtachilikda samaradorlikni oshirish va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashga doir taqdimot bilan tanishdi. Unda iqtisodiyotning muhim tarmog‘i bo‘lgan qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va hosildorlikni oshirish bo‘yicha qator takliflar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, soha mamlakat iqtisodiyotining 20 foizini tashkil etadi. Yiliga 467 trillion so‘mlik mahsulot yaratiladi va 3,5 milliondan ortiq aholi band. Meva-sabzavot va agrar mahsulotlar eksporti esa umumiy eksport hajmining uchdan bir qismini qoplaydi.
Paxtachilikda samaradorlikni oshirish uchun past hosil olayotgan fermerlar bilan manzilli ishlash, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish va agronomlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish rejalashtirilmoqda. Ilg‘or fermerlarni past hosil olgan xo‘jaliklarga biriktirish, ularga sertifikat berish hamda hosildorlik oshganda rag‘batlantirish tizimini joriy etish taklif qilindi.
Agronomlar malakasini oshirish maqsadida Agrar universitet va boshqa oliygohlar bitiruvchilari uchun ikki yillik “dual ta’lim” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Talabalarga stipendiya, ularni o‘qitgan mutaxassislarga rag‘bat pullari to‘lanadi.
Paxta navlarini yaratish bo‘yicha ilmiy salohiyatni kuchaytirish maqsadida Genomika markazi va Paxtachilik institutida fitotron va reproduksion issiqxonalar quriladi. Bu yangi nav yaratish muddatini 2,5 barobar qisqartirishi va import urug‘ga ehtiyojni kamaytirishi kutilmoqda.
Shuningdek, g‘o‘zani plyonka ostida ekish texnologiyasini ommalashtirish, agrodronlardan keng foydalanish, sun’iy intellekt va raqamli yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash doirasida 2026-yildan boshlab paxta-g‘alla, meva va dukkakli ekinlar bo‘yicha hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Sug‘urta mukofotlarining 50 foizi davlat budjeti tomonidan qoplab berilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, 75 turdagi subsidiyani yagona platforma orqali ajratadigan Agrar sohada to‘lov agentligini tashkil etish taklifi bildirildi. Bu fermerlar uchun jarayonlarni soddalashtiradi va byurokratiyani kamaytiradi.
Prezident takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!