Jinoyat

Sirdaryoda pora talab qilgan podpolkovnik va mayor qo‘lga olindi

Sirdaryoda pora talab qilgan podpolkovnik va mayor qo‘lga olindi

Sirdaryo viloyatida 4 nafar fuqaroni qamash bilan qo‘rqitib, ulardan pul talab qilgan ikki nafar ichki ishlar xodimi ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2025-yil oktabr oyida Xovos tumanidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan MCHJga tegishli dala maydonidan polietilen sellofan o‘g‘irlangani yuzasidan Ichki ishlar bo‘limiga murojaat kelib tushgan.

Shundan so‘ng, Tezkor-qidiruv xizmatining podpolkovnik va mayor unvonidagi ikki nafar katta tezkor xodimi o‘g‘rilikda gumon qilib 4 nafar fuqaroning qo‘lini qayirib IIBga olib kelgan. Ular fuqarolarni qamab yuborish bilan qo‘rqitib, ishni “bosdi-bosdi” qilish evaziga 55 mln so‘m talab qilgan.

Shuningdek, “zararni qoplash” bahonasida gumonlanuvchilardan 24 mln so‘m olgani aniqlangan. Keyinchalik jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llamaslik va ishni ma’muriy jarima bilan yakunlash evaziga qo‘shimcha 11 mln so‘m talab qilingan.

Davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura va IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tezkor xodimlar 11 mln so‘mni olayotgan paytda dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular qamoqqa olingan bo‘lib, tergov davom etmoqda.

Avvalroq soliq qarzdorligini 90 mln so‘mgacha kamaytirib berishni va’da qilgan Sirdaryo viloyati soliq inspeksiyasi xodimi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.