Prezident Shavkat Mirziyoyevga mehnat migratsiyasi tizimini xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot taqdim etildi.
So‘nggi yillarda fuqarolarning chet elga tartibli jo‘natilishi bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar natijasida mehnat bozori diversifikatsiya qilinmoqda. Xususan, xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarning soni 2016-yildan buyon kamaygan bo‘lsa-da, ular tomonidan yuborilgan pul mablag‘lari sezilarli darajada oshib, 2025-yilning o‘n oyi yakuni bo‘yicha 15,8 milliard dollarga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2016-yildagi 3,8 milliard dollardan qariyb to‘rt barobar yuqori.
Taqdimotda xorijiy mehnat bozorida malakali mutaxassislarga talab oshgani qayd etildi. Hozirda 140 ming nafar mutaxassisga buyurtma mavjud, biroq til va kasbiy ko‘nikmalarga qo‘yiladigan talablar yuqoriligi tufayli yetarli kadrlar tayyorlashda hali muammolar borligi bildirildi. Shuningdek, migratsiya xizmatlarining tarqoqligi fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchilik keltirayotti.
Sohadagi xizmatlarni birlashtirish maqsadida Toshkentning Uchtepa tumanida “Xorijga ishga tayyorlash markazi”, Termizda esa “Yagona migratsiya xizmatlari” markazi tashkil etilishi belgilandi. Yashnobod tumanida esa xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda nemis va yapon tillari bo‘yicha o‘quv maktablari ochiladi.
O‘zbekistonliklarning Yevropaga migratsiya oqimi oxirgi yillarda 4 barobar oshgani ta’kidlanib, bu yo‘nalishda huquqiy himoyani kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Ayrim Yevropa davlatlari bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuvlar mavjud emasligi sababli, tegishli hukumatlararo hujjatlarni imzolash jarayonini tezlashtirish topshirildi.
Shuningdek, xorijda migratsiya attashelari va agentlik vakolatxonalarini ko‘paytirish, mamlakat ichida viza markazlarining ko‘chma ofislarini ochish rejalashtirilgan.
Taqdimotda migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish masalasi ham muhokama qilindi. “Xorijda ish” platformasida 25 ta xizmat taklif etilmoqda, joriy yil boshidan buyon 524 ming fuqaro onlayn xizmatlardan foydalangan. Ammo barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtirilmagan. Prezident sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish zarurligini ta’kidlar ekan, biometrik identifikatsiya, real vaqt rejimida xorijdagi o‘rinlarni kuzatish va masofadan maslahat berish bo‘yicha rejalarga e’tibor qaratildi. Migratsiya agentligida 24/7 ishlaydigan situatsion markaz ochish taklif qilindi.
Shuningdek, noqonuniy migratsiya va firibgarlik bilan shug‘ullanuvchi konsalting xizmatlarining ko‘paygani qayd qilinib, aeroportlarda interaktiv infokiosklari o‘rnatish va litsenziyasiz tashkilotlar uchun jarimalarni oshirish taklif etildi. Noqonuniy migratsiyani tashkil etish uchun javobgarlikni Jinoyat kodeksiga kiritish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, mehnat migratsiyasi jarayonlarini yanada qulay va shaffof qilish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!