Jamiyat

Kuz-qish mavsumida 10 million tonna ko‘mir ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

Kuz-qish mavsumida 10 million tonna ko‘mir ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir sanoatidagi ishlar va kelgusi vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

2025/2026-yillar kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy muassasalar va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz energiya bilan ta’minlash maqsadida 10 million tonna ko‘mir ishlab chiqarish rejalashtirilgan. O‘tgan mavsumda qariyb 8,7 million tonna ko‘mir qazib olingan edi.

Taqdimotda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati korxonalarining moddiy-texnik bazasi kuchaytirilgani, yangi ishlab chiqaruvchilarga sharoitlar yaratilgani va mahsulot tannarxini tushirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, prezident uran yo‘nalishidagi yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalalarini ko‘rib chiqdi.

O‘tgan yilning yozida gaz yetkazib berishda uzilishlar yuz berishi kuzatilgani, ayniqsa Andijon va Surxondaryoda muammolar yuqori bo‘lgani eslatildi. Davlat rahbari mas’ullarni muammolarni ikki haftada hal qilishga chaqirdi.