2026-yil 1-apreldan o‘rmon fondiga kirmaydigan, daraxt bilan qoplangan aholi punktlaridagi yer maydonlarini olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratish jamoatchilik tomonidan taqiqlanishi mumkin.
Prezident Qaroriga ko‘ra, bunda fuqaro Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi. Daraxt bilan qoplangan yer maydoni joylashgan mahalla aholisining kamida 10 foizi taqiq qo‘yishga rozilik bildirsa, Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ushbu maydonni olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratish taqiqlanadi.
Shuningdek, Kadastr organlari yer maydonlari o‘rmon fondiga kirmasligini va uni jismoniy yoki xususiy mulkka aylantirish imkoniyati yo‘qligini tekshiradi. Agar u yer daraxtzor ekani aniqlansa, taqiq qo‘yiladi va har qanday tasarruf qilish jarayoni to‘xtatiladi.
Bu shahar va qishloqlardagi yashil hududlarni saqlash, “Yashil makon” tashabbusi doirasida daraxtlarni muhofaza qilish, ekologik muvozanatni ta’minlash va noqonuniy qurilishlarni cheklashga xizmat qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!