Qoraqalpog‘iston — O‘zbekistonning eng yirik hududlaridan biri bo‘lib, 2 milliondan ortiq aholiga ega. Ammo mintaqada iqtisodiy o‘sish sur’atlari past, kambag‘allik chuqurlashmoqda, ekologik vaziyat esa yil sayin og‘irlashmoqda. Ijtimoiy siyosat laboratoriyasining yangi hisobotiga ko‘ra, ayrim hududlarda yashash sharoitlari shu darajada yomonlashganki, aholining zudlik bilan ko‘chirilishi zarur bo‘lgan punktlar ro‘yxati shakllantirilgan.
Ekologik bosim va kambag‘allik kuchaymoqda
Qoraqalpog‘istonning qishloq hududlari respublika bo‘yicha kambag‘allik eng yuqori bo‘lgan mintaqa bo‘lib qolmoqda. Ish o‘rinlarining cheklanganligi, ekologik muammolar, suv tanqisligi va ijtimoiy nafaqalar qamrovining qisqarishi aholining ahvolini yanada murakkablashtirmoqda.
Orol dengizi qurishi oqibatlari hudud hayotini keskin o‘zgartirib yuborgan:
• harorat anomaliyalari kuchaymoqda;
• sho‘r chang miqdori ortmoqda;
• o‘simlik qoplami qisqarib bormoqda.
Chimboy tumanidagi Shegara terek singari ovullarda suv tanqisligi va tuproq degradatsiyasi kundalik hayotga bevosita ta’sir qilmoqda.
Migratsiya: odamlar ketishni istaydi, ammo imkon yo‘q
Mintaqa hali ham O‘zbekistonda ko‘chib ketish darajasi eng yuqori bo‘lgan hududlardan biri. Termitlar hujumi esa so‘nggi yillarda yangi ekologik tahdid sifatida paydo bo‘lib, uy-joylarga yetkazayotgan zarar tufayli ayrim punktlarda aholi deyarli yoppasiga ko‘chishga tayyor. Biroq moliyaviy imkoniyat yo‘qligi asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.
Fokus-guruh suhbatlari shuni ko‘rsatdiki:
• uzoq hududlardagi aholining daromadi juda o‘zgaruvchan;
• asosiy daromad manbai — migrantlar yuboradigan pul;
• transport va ta’lim sifati bo‘yicha keskin norozilik mavjud.
Iqlimning eng ko‘p zarar yetkazayotgan hududlari — “qizil zona”
Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning shimoliy va g‘arbiy qismi eng xavfli iqlim sharoitiga ega hududlar hisoblanadi. Bu yerda qurg‘oqchilik, shamol eroziyasi va haroratning keskin o‘zgarishi tobora kuchayib bormoqda.
Ko‘chirish — yangi ijtimoiy himoya mexanizmi sifatida
Tahlillar asosida noqulay iqlim sharoitiga ega 30 ta aholi punkti uchun ko‘chirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Chora-tadbirlar 3 bosqichga bo‘lingan:
1. Zudlik bilan bajarilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar (2025–2026 qish)
• vaqtinchalik konteyner uylar berish;
• qish mavsumida aholiga yashash joylari ajratish (tender orqali);
• uy-joy qiymatidan kelib chiqib kompensatsiyalar (Xo‘jayli tajribasi).
2. O‘rta muddatli choralar
• sanoat korxonalari qurilishi rejalashtirilgan hududlarda ijtimoiy uylarni ko‘paytirish;
• kambag‘allik reyestridagi fuqarolarni shahar hududidagi ijtimoiy uylarga joylashtirish;
• ijtimoiy uylarda yashash muddatini 1 yildan 5 yilgacha uzaytirish.
3. Uzoq muddatli choralar
• mavsumiy (yarim-ko‘chmanchi) yashash infratuzilmasini yaratish;
• yoz mavsumida konteyner uylar bilan ta’minlash;
• shahar hududida uy sotib olish yoki qurish uchun subsidiya berish;
• abituriyentlar uchun qo‘shimcha imtiyoz va stipendiyalar;
• ko‘chib o‘tgan oilalar uchun qayta tayyorlov kurslariga vaucherlar.
Qoraqalpog‘istonning ekologik va iqtisodiy bosim kuchli bo‘lgan hududlarida ko‘chirish dasturi nafaqat ijtimoiy himoya mexanizmi, balki mintaqaning barqaror kelajagini ta’minlash uchun zarur choraga aylanib bormoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!