Jahon

AQSH Saudiya Arabistonini “NATOdan tashqaridagi asosiy ittifoqchi” deb e’lon qildi

AQSH Saudiya Arabistonini “NATOdan tashqaridagi asosiy ittifoqchi” deb e’lon qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonini rasman “NATOdan tashqaridagi asosiy ittifoqchi” (Major Non-NATO Ally) maqomiga ega davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqida Politico xabar berdi.

Oq uyda valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon sharafiga tashkil etilgan kechki tadbir chog‘ida e’lon qilingan qaror bilan Qirollik ushbu toifaga kiruvchi 19 davlat qatoriga qo‘shildi. Mazkur ro‘yxatda Isroil, Iordaniya, Kuvayt va Qatar kabi AQSHning yaqin mintaqaviy hamkorlari mavjud.

Trampning aytishicha, bu qaror ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi:

“Saudiya Arabistonini NATOdan tashqaridagi asosiy ittifoqchi deb belgilash orqali harbiy sheriklikni kengaytirayotganimizdan mamnunman. Bu Qirollik uchun juda muhim”, — dedi AQSH prezidenti.

Trillion dollarlik sarmoyalar va mudofaa shartnomalari

Uchrashuv davomida Ar Riyod AQSH iqtisodiyotiga 1 trillion dollar investitsiya kiritishni va 140 milliard dollarlik Amerika qurollari hamda mudofaa xizmatlarini xarid qilish majburiyatini olgani ma’lum qilindi. Trampga ko‘ra, bu bitimlar AQSHda minglab yangi ish o‘rinlari yaratishi bilan birga, ikki mamlakatning xavfsiyaviy hamkorligini kuchaytiradi.

G‘azo bo‘yicha muzokaralar

Tramp, shuningdek, Saudiya Arabistonining Yaqin Sharqdagi mojaroni hal etishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, mintaqadagi bir nechta davlatlar, jumladan Qirollikning faol diplomatik harakatlari tufayli G‘azodagi urush to‘xtatilgan. Prezident o‘zining G‘azo bo‘yicha 20 banddan iborat rejasini BMT tasdiqlaganini eslatdi.

“Bu o‘nlab yillar talab qildi, ammo biz deyarli mukammal natijaga erishdik. Ko‘pchilik buni mo‘jiza deb atamoqda”, — dedi Tramp.

Saudiya javobi

Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Trampga minnatdorchilik bildirdi va Oq uydagi suhbatni “o‘z uyidagidek qulay” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, imzolangan keng qamrovli kelishuvlar Saudiya–AQSH hamkorligini yangi darajaga olib chiqadi.