Jahon

Qozog‘iston deputatlari ayollar uchun ish haftasini qisqartirishni taklif qildi

Qozog‘iston deputatlari ayollar uchun ish haftasini qisqartirishni taklif qildi

Qozog‘istonda parlament deputatlari bolalar, kasal yoki keksa qarindoshlariga qarayotgan ayollar uchun ish soatini qisqartirish taklifini ilgari surdi. Tashabbus muallifi – deputat Ajar Sagandikova bo‘lib, u bu borada bosh vazir O‘ljas Bektenov nomiga rasmiy so‘rov yuborgan.

Tengrinews xabariga ko‘ra, Sagandikovaning aytishicha, Qozog‘istonda ayollar har kuni o‘rtacha 480 daqiqa ish vaqtini, qo‘shimcha ravishda esa 246 daqiqa uy yumushlari va qarindoshlarga g‘amxo‘rlik qilishga sarflaydi.

Deputatning ta’kidlashicha, bu “kuniga 13 soatlik yuklama” bo‘lib, ayollarning surunkali charchashi, hissiy toliqishi va sog‘liq muammolariga olib kelmoqda. Shuningdek, mamlakatda ayollar va erkaklar o‘rtasidagi 15 foizlik ish haqi tafovuti ularning iqtisodiy zaifligini yanada kuchaytirayotganini qayd etdi.

Sagandikova og‘ir kasal yoki alohida ehtiyojli qarindoshlarga qarayotgan ayollarning kuniga qo‘shimcha 6 soat mehnat qilishi “uchinchi ish kuni”ga aylanganini, ammo bu mehnat qonunchiligida aks etmaganini ta’kidladi.

Deputatning taklifi

Ajar Sagandikova Mehnat kodeksiga o‘zgartirish kiritib, farzandlari yoki bemor qarindoshlariga qarayotgan ayollar uchun:

  • ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish haftasi,
  • moslashuvchan grafik,
  • masofaviy ishlash imkoniyatini ustuvor tartibda berish,
  • kamsitishning oldini oluvchi me’yorlar

kiritilishini taklif qilmoqda.

Uning fikriga ko‘ra, bunday o‘zgarishlar ayollarni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam bo‘ladi.