Madaniyat

Turizm sohasida nimalar o‘zgaradi?

Turizm sohasida nimalar o‘zgaradi?

Prezidentning “Turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjatda sohaning tizimli rivoji, xizmatlar sifati va xalqaro raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha bir qator yangi mexanizmlar belgilandi.

Asosiy o‘zgarishlar:

1. Tax Free tizimi
2026 yildan boshlab chet ellik sayyohlar respublikadan chiqishda xarid qilgan tovarlar bo‘yicha QQS summasini chegarada naqd shaklda qaytarib ola boshlaydi.

2. Transport infratuzilmasi
Turistik shaharlar o‘rtasidagi qatnov vaqti uch baravar qisqartiriladi.

3. Kadrlar tayyorlash
Samarqandda BMT shafoati ostida Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etiladi.

4. Ijara xizmatlari
Uylari va dala hovlilarini sayyohlarga ijaraga berish jarayoni soddalashtiriladi.

5. Maqsadli ko‘rsatkichlar
2030 yilga borib yillik sayyohlar sonini 20 million nafarga yetkazish, minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.

Raqamlashtirish bo‘yicha yangiliklar (2026 yildan):

  • Yagona milliy turizm platformasi va mobil ilova ishga tushiriladi.
  • Barcha turistik obyektlar uchun yagona onlayn chipta tizimi joriy etiladi.
  • Raqamli gid tizimi, interaktiv xaritalar, audio va video yordamchilar yo‘lga qo‘yiladi.
  • Mobil ilova orqali sayyohlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va dala hovli ijara jarayonlari yanada yengillashadi.

2026–2028 yillar uchun yirik loyihalar:

  • “Samarqandning merosi yo‘li” – 6,6 km uzunlikdagi tarixiy yo‘nalish barpo etiladi.
  • Xiva – Ichan qal’a zamonaviy infratuzilma bilan uyg‘unlashtirilgan “aqlli” muzey-shaharga aylantiriladi.
  • Toshkent – dunyodagi eng ko‘p mozaikaga ega shahar sifatida e’tirof etish va modernizm yodgorliklarini YuNESKO ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Biznesni qo‘llab-quvvatlash:

  • Turizm startaplarini 1 milliard so‘mgacha subsidiyalash yo‘lga qo‘yiladi.
  • Mehmonxonalarning xalqaro “yashil” sertifikatlar olish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

Ushbu choralar infratuzilmani yaxshilash, aholi bandligini oshirish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘sini mustahkamlashga xizmat qiladi.