Jahon

Ukraina va Rossiya o‘rtasida 1000 dan ortiq askar jasadi almashildi

Ukraina va Rossiya o‘rtasida 1000 dan ortiq askar jasadi almashildi

20-noyabr kuni Ukraina va Rossiya o‘rtasida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar jasadlari navbatdagi marotaba almashildi. Ukraina tomoni ma’lumotiga ko‘ra, ushbu jarayonda 1000 dan ortiq ukrainalik askarning jasadi qaytarib olingan. Bu haqda “Ukrainskaya Pravda” xabar berdi.

Ukraina Harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtirish shtabining bayonotiga ko‘ra, repatriatsiya qilingan jasadlar shaxsi aniqlanishi uchun Ichki ishlar vazirligi, ekspertlik muassasalari va tergov organlari tomonidan barcha zarur tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Jasadlar almashinuvini amalga oshirishda Ukraina Xavfsizlik xizmati, Qurolli Kuchlar, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar xizmati va boshqa idoralar hamkorlik qilgan. Jarayonga Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ham ko‘mak ko‘rsatgan.

Rossiya Davlat Dumasi deputati Shamsail Saraliyev ham ushbu almashinuvni tasdiqlab, Rossiya tomoni Ukrainaga 1000 nafar ukrainalik harbiy jasadini topshirganini, o‘z navbatida Moskvaga 30 nafar rossiyalik askar jasadi qaytarilganini ma’lum qildi.

Bu kabi almashinuv so‘nggi marta 23-oktyabr kuni amalga oshirilgan edi. O‘shanda Ukraina tomoniga 1000 nafar halok bo‘lgan askar jasadi, Rossiya tomoniga esa 31 ta jasad topshirilgandi.

Mazkur jarayon Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning 19-noyabr kuni Turkiyaga qilgan tashrifi chog‘ida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ham muhokama qilingan edi.