Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 21-noyabr kuni soat taxminan 23:50 da Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tuvchi M-39 Toshkent—Termiz avtomobil yo‘lining 989-kilometrida og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Hodisa qanday yuz berdi?
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi, 2003-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqargan Isuzu yuk mashinasi gaz quyish shoxobchasidan chiqish paytida yo‘ldagi “Yo‘l bering” (2.4) va “Harakatlanish o‘ngga” (4.1.2) belgilariga amal qilmay qatnov qismiga chiqqan.
Shu vaqt Samarqand yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan, Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida yashagan 2002-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqargan Lacetti avtomobili yuk mashinasiga urildi.
To‘qnashuvdan so‘ng avtomobil yonib ketdi
Zarbadan so‘ng Lacetti butunlay yonib ketgan. Hodisa oqibatida ushbu avtomobil haydovchisi va salonidagi 4 nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan.
Tergov boshlandi
Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JK 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Bundan avval Andijonda oraliq masofaga rioya qilinmagani sabab 4 ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘lgani xabar qilingandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!