O‘zbekiston

Samarqand global ekologik markazga aylandi: CITES CoP20 e’tibor markazida

Samarqand global ekologik markazga aylandi: CITES CoP20 e’tibor markazida

23-noyabr kuni Samarqandda yo‘qolib borayotgan yovvoyi hayvon va o‘simliklar bilan xalqaro savdoni tartibga soluvchi eng yirik platforma — CITES CoP20 konferensiyasi boshlandi. Tadbir O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ekologik xavfsizlik, bioxilma-xillikni asrash va barqaror rivojlanish yo‘nalishida muhim voqea bo‘ldi.

O‘zbekiston global muhokamalar markazida

1997-yildan CITES a’zosi bo‘lgan O‘zbekiston bu yil dunyoning ekologiya bo‘yicha eng yirik xalqaro maydonlaridan biriga mezbonlik qilmoqda. Konferensiyada yovvoyi turlarning himoyasi, xalqaro savdoning qonuniyligi va monitoringi hamda CITES ro‘yxatlaridagi turlar bo‘yicha kuzatuv mexanizmlari muhokama qilinmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari bir maydonda

Tadbir CITES Kotibiyati, UNDP va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikda tashkil etildi. “Mintaqadagi bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha innovatsion yechimlar” panelida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston vakillari o‘z mamlakatlarining yo‘nalishlari va tashabbuslarini taqdim etdi.

Aziz Abduhakimov: “Noqonuniy savdo dunyodagi eng yirik jinoyatlardan biri”

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov yovvoyi hayvonlar bilan noqonuniy savdoning global xavfi keskin ortib borayotganini ta’kidladi. 2024-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 162 mamlakatda noqonuniy savdo holatlari qayd etilgan 4000 dan ortiq tur zarar ko‘rgan. Shundan 3250 tasi CITES ro‘yxatiga kiradi.

 

Abduhakimov quyidagi yechimlarni taklif qildi:

xususiy investitsiyalarni yovvoyi tabiat loyihalariga jalb qilish

tabiatga asoslangan turizmni kengaytirish

mintaqaviy trening dasturlarini yo‘lga qo‘yish

“Green University”ni ekologik ta’lim markaziga aylantirish

Global moliyalashtirish — yetarli emas

Hozirgi moliyaviy oqimlar yiliga 143 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Kunmin–Monreal maqsadlariga erishish uchun kamida 824 mlrd dollar zarur. Shu bois konferensiyada “qarz evaziga tabiatni asrash”, ekotizim xizmatlari uchun to‘lovlar, yovvoyi tabiat kreditlari va tabiatni muhofaza obligatsiyalari kabi yangi mexanizmlar muhokama qilinmoqda.

Mintaqa uchun tarixiy ahamiyat

CITES CoP20 hukumatlar, xususiy sektor, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyatini birlashtirgan holda Markaziy Osiyo bioxilma-xilligini asrash bo‘yicha strategik hamkorlikni kuchaytirishi kutilmoqda. Samarqand bu jarayonda mintaqaning yirik ekologik platformasiga aylanmoqda.