Iqtisod

Oʻzbekistonda 1-dekabrdan Ai-80 benzini sotuvi toʻxtatiladi

Oʻzbekistonda 1-dekabrdan Ai-80 benzini sotuvi toʻxtatiladi

Prezidentning 18-noyabrdagi qaroriga muvofiq 2025-yil 1-dekabridan boshlab Ai-80 benzini sotuvi butun respublika boʻylab toʻxtatiladi.

Hujjatda aholiga sifatli va ekologik toza yonilgʻi yetkazib berishni taʼminlash maqsadida Ai-80 benzinining AYQSHlarda sotilishiga qatʼiy nazorat oʻrnatilishi belgilangan. Ushbu nazoratni Elektr energiyasi neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Ekologiya qoʻmitasi amalga oshiradi.

Shuningdek, qaror bilan respublikada 18 ta dendrologiya va 15 ta botanika bogʻlarini tashkil etishga doir normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishi qayd etilgan. Toshkent shahar oʻrmon xoʻjaligini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Qurilish uchun ajratilgan hududlarda endi ish boshlanishidan avval quruvchi tashkilotlar tomonidan fon monitoring stansiyalari va onlayn kuzatuv kameralarini oʻrnatish majburiy boʻladi. Tigʻiz vaqtlarda yuk transporti harakatiga cheklovlar joriy etiladi.

Binolarni loyihalashda shamol yoʻnalishi va tezligini inobatga olish talabi kuchaytiriladi. Poytaxt va uning atrofi issiqxonalarini tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari daraxt va butalarni sanitariya maqsadida kesish masalalari endi kollegial ovoz berish orqali hal etiladi.