Madaniyat

Samarqandda noyob flora va fauna muhofazasining innovatsion yechimlari muhokama qilindi

Samarqandda noyob flora va fauna muhofazasining innovatsion yechimlari muhokama qilindi

CITES CoP20 konferensiyasining strategik ta’sirini kuchaytirishga qaratilgan, yovvoyi hayvonlar bilan tartibga solinadigan savdoni monitoring qilish, moliyalashtirish va amaliy choralarni takomillashtirishga bag‘ishlangan yuqori darajadagi muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, CITES Bosh kotibi Ivonn Iguero va UNDPning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii ochib berdi.

Markaziy Osiyo vazirlari ishtirokidagi muloqot

Panel sessiyasida “Mintaqadagi bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha innovatsion yechimlar” mavzusida Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirokida muloqot tashkil etildi. Unda:

  • Qozog‘iston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri — Yerlan Nysanbayev,

  • Qirg‘iziston tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri o‘rinbosari — Almaz Musayev,

  • IUCN Bosh direktori — Gretel Agilar,

  • TRAFFIC International Bosh direktori — Richard Skobi

qatnashdi.

Noqonuniy savdoning global ko‘lami

Tadbirda so‘zga chiqqan Aziz Abduhakimov yovvoyi hayvonlar bilan noqonuniy savdo dunyodagi eng yirik jinoyat turlari qatoriga kirishini, u giyohvand moddalar, qurol-yarog‘ va odam savdosidan keyin to‘rtinchi o‘rinda turishini ta’kidladi.

Uning aytishicha, 2024-yilgi hisobotga ko‘ra:

  • 162 mamlakatda noqonuniy savdo holatlari aniqlangan;

  • u 4 000 dan ortiq o‘simlik va hayvon turiga ta’sir ko‘rsatgan;

  • shundan 3 250 turi CITES ro‘yxatida aks etgan;

  • hukumatlar tomonidan 13 milliondan ortiq tovar musodara qilingan.

Taklif etilgan yechimlar

Abduhakimov noqonuniy savdoga qarshi kurashish va bioxilma-xillikni tiklash uchun qator takliflarni ilgari surdi:

  • yovvoyi tabiat bog‘lari, parvarishlash markazlari va mahalliy o‘simliklarni ko‘paytirish bo‘yicha xususiy sektor investitsiyalarini rag‘batlantirish;

  • tabiatga asoslangan turizm tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash;

  • atrof-muhit bo‘yicha muhandislar, bojxona, veterinariya va karantin xodimlari uchun mintaqaviy o‘quv dasturlarini kengaytirish.

U shuningdek, yangi tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) bunday treninglar uchun tayyorligini bildirdi.

Moliyalashtirishdagi global ehtiyoj

Tadbirda qayd etilishicha, hozirgi moliyaviy oqimlar yiliga 143 mlrd dollarni tashkil etadi, shundan 80–85% davlat sektoriga to‘g‘ri keladi. Bioxilma-xillik bo‘yicha Kunmin–Monreal global maqsadlarga erishish uchun esa yiliga 824 mlrd dollar zarur.

Mintaqaning tajribasi taqdim etildi

Muloqot davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining tabiatni muhofaza qilishni moliyalashtirish bo‘yicha innovatsion amaliy tajribalari, xususiy va davlat investitsiyalarini birlashtiruvchi integratsiyalashgan yondashuvlar muhokama qilindi.