Samarqandda o‘tkazilgan CITES CoP20 konferensiyasi doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida Markaziy Osiyoda yovvoyi fauna va flora resurslaridan barqaror foydalanish hamda noqonuniy savdoga qarshi kurashish bo‘yicha 2026–2032-yillarga mo‘ljallangan Samarqand deklaratsiyasi imzolandi.
Deklaratsiya va mintaqaviy hamkorlik rejasi Traffic International bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, u Markaziy Osiyo mamlakatlarida yashash joylarining yo‘qolishi, iqlim o‘zgarishi, brakonyerlik va noqonuniy savdo kabi tahdidlarni birgalikda bartaraf etishga qaratilgan.

Hujjat doirasida quyidagi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan:
-
Milliy atrof-muhit, bojxona, huquqni muhofaza qilish va sud idoralari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash;
-
Yovvoyi hayvonlar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi milliy ishchi guruhlarni tuzish;
-
Axborot almashinuvini yaxshilash va zamonaviy monitoring texnologiyalarini joriy etish;
-
Mintaqaviy tarmoq orqali qo‘shma nazorat mexanizmlarini yaratish va chegara hududlarida muvofiqlashtirilgan harakatlar olib borish.
Shuningdek, mamlakatlar ekoturizmni rivojlantirish, noyob turlarni himoya qilish, ekotizimni tiklash va mahalliy jamoalarni tabiatni muhofaza qilish tashabbuslarida faol ishtirok etishga kelishib olishdi.

Samarqand deklaratsiyasining imzolanishi Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaning noyob tabiiy merosini saqlash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va iqtisodiy rivojlanish bilan ijtimoiy integratsiyani uyg‘unlashtirishga tayyorligini ko‘rsatadi.

Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!