O‘zbekiston

Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha komissiya tuzildi

Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha komissiya tuzildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni e’lon qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-martga qadar Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora tadbirlar amalga oshiriladi. Bu maqsadda maxsus komissiya tuzildi.

Maxsus komissiya tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda cheklovlar joriy qiladi, transport vositalari harakatini cheklaydi, jumladan, poytaxtda yuk tashuvchi transport vositalari harakatini cheklash, avtotransport vositalarining davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanishini cheklaydi (elektromobillardan tashqari), harakatlanishi vaqtinchalik cheklanadigan avtotransport vositalari turlari, ko‘chalar va boshqa hududlarni belgilaydi.

Shuningdek, maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, atmosfera havosiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa obyektlar faoliyati vaqtincha yoki to‘liq to‘xtatiladi!

Bundan tashqari:

— sanoat korxonalari uchun tashlamalarning ruxsat etilgan miqdori belgilanadi va ushbu talabni buzgan sanoat korxonalari faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha belgilangan tartibda chora ko‘riladi;
— Qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va ularga qurilish vaqtida changni bartaraf etuvchi uskunalarni o‘rnatish va boshqa ekologik talablar joriy etiladi;
— davlat organlari va tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlari faoliyati ekologik talablar amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida muvofiqlashtiriladi;
— oqar suv (daryo, kanal, ariq) obyektlarida suv obyektlari qirg‘oq muhofaza mintaqalari zonalarida qurilish taqiqlanadi.

Maxsus komissiya qarorlari, ko‘rsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.