Yangiyoʻl tumanida o‘tinlardan ko‘mir ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib, atmosfera havosini ifloslantirgan fuqaro faoliyati ekologiya mutasaddilari tomonidan to‘xtatildi. Bu haqda voqea joyida jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-tur davomida ma’lum qilindi.
Mahalliy fuqaro Xudoyberdi Bekmurodovning aytishicha, u ikki oy avval hujjatlarni to‘liq rasmiylashtirmasdan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

“Hujjatlarim to‘g‘ri bo‘lmagani uchun ish to‘xtatildi. O‘tinlardan pista ko‘miri ishlab chiqarardik. Aholiga zarar yetyapti deb o‘ylamagandim, kechirim so‘rayman. Filtr o‘rnatmaganman, lekin kuchli tutun bo‘lmayotgandi”, — deydi Bekmurodov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ishlab chiqarishdan oyiga 8–10 million so‘m foyda ko‘rilgan, bir nechta ishchi esa shu yerda band bo‘lgan.
“Filtr o‘rnatib, ishni qonuniy davom ettirmoqchiman. 400 million so‘m kredit olganmiz, endi qanday bo‘lishini bilmayman”, — deydi u.
Yangiyoʻl tuman Ekologiya bo‘limi boshlig‘i Nurg‘ali Omonovning ma’lum qilishicha, tezkor tadbir davomida “Obod” mahallasidagi fermer xo‘jaligi hududida faoliyat yuritayotgan ko‘mir ishlab chiqarish nuqtasi aniqlangan.
“Fuqaro atmosfera havosiga zarar yetkazayotganini ko‘rdik. Hujjatlar talab qilinganda taqdim eta olmadi. Zarar miqdori hali aniqlanmoqda, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan”, — deydi Omonov.
Mutasaddilar fuqaroning faoliyatiga qarshi emasliklarini, ammo u barcha ekologik me’yorlarga rioya qilgan taqdirda ishini qayta boshlashi mumkinligini ta’kidladi.
“Biz uning ishlab chiqarishiga qarshi emasmiz. Zarur ekologik hujjatlar rasmiylashtirilib, havoga chiqariladigan chiqindilarni ushlab qoluvchi filtrlar o‘rnatilgach, faoliyatini davom ettirishi mumkin. Hozircha ish vaqtincha to‘xtatilgan”, — dedi Ekologiya bo‘limi boshlig‘i.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!