Poytaxt Jakarta rasmiylari quturish kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida it, mushuk va ko‘rshapalak go‘shtini sotish hamda iste’mol qilishni taqiqlovchi yangi qonunni qabul qildi. Bu haqda The Straits Times xabar berdi.
Jakarta gubernatori Pramono Anung taqiqni rasman tasdiqlaganini ma’lum qildi:
“Quturish kasalligini yuqtiruvchi hayvonlarni sotishni va iste’mol qilishni taqiqlovchi qonunni imzoladim”, — dedi u.
Mazkur qonun gubernator tomonidan 24-noyabr kuni imzolangan bo‘lib, olti oydan so‘ng kuchga kiradi. Qoidabuzarlar yozma ogohlantirishdan tortib, tadbirkorlik litsenziyasidan mahrum bo‘lishgacha bo‘lgan jarimalarga tortilishi mumkin.
Nima uchun taqiq joriy qilindi?
Indoneziya it va mushuk go‘shti savdosiga ruxsat berilgan sanoqli davlatlardan biri bo‘lib kelgan. Biroq so‘nggi yillarda hayvon huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bosimi ortib, ayrim hududlarda mahalliy taqiq ham joriy etilgan edi.
Dog Meat Free Indonesia guruhi qarorni olqishlab, quyidagi bayonotni e’lon qildi:
“Ushbu siyosat barcha indoneziyaliklarni himoya qilib, adolatli va rivojlangan millat bo‘lishimizga yordam beradi”.
Quturish xavfi oshgani aytilmoqda
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Indoneziyada har yili quturishdan ko‘plab odamlar vafot etadi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi 2025-yilning yanvar–mart oylarida 25 ta o‘lim holatini qayd etgan.
Aholining aksariyati musulmon bo‘lgan Indoneziyada itlar nopok hisoblanadi, biroq ayrim guruhlar orasida ularning go‘shti arzon oqsil manbai sifatida iste’mol qilinadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!