Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi, Maxsus komissiya rahbari Aziz Abduhakimov yangi farmon asosida amalga oshirilayotgan keskin chora-tadbirlar ilk natijalarini bera boshlaganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, havo tozaligini ta’minlash masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Qabul qilingan farmon doirasidagi choralar natijasida bugun havo sifatining biroz bo‘lsa-da yaxshilangani qayd etilgan.
Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi, Maxsus komissiya rahbari Aziz Abduhakimovning aytishicha, ekologik vaziyat respublika rahbariyatining doimiy nazoratida.
“Davlatning tezkor javob berish mexanizmi to‘liq ishlamoqda va qabul qilinayotgan barcha qarorlar aniq ma’lumotlar hamda ilmiy tahlillarga asoslangan”, — dedi A. Abduhakimov.
U Toshkentdagi havo sifati yomonlashuviga tabiiy meteorologik omillar ham sabab bo‘lgani haqida ham ma’lumot berdi:
“O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda kuzatilayotgan havo sifatining yomonlashishi bir vaqtning o‘zida namoyon bo‘lgan bir nechta antropogen va tabiiy-iqlimiy omillar yig‘indisi bilan bog‘liq. Ayni paytda havoda kuchli inversiya hodisasi yuz bermoqda. Issiq havo yuqoriga ko‘tarilib, sovuq havo pastda qamalib qolgan — bu esa vertikal havo almashinuvini cheklab, ifloslantiruvchi moddalarni quyi qatlamda ushlab turadi”.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!