Xorazm viloyatida 160 mingga yaqin isteʼmolchidan asossiz mablagʻ olgan tibbiyot birlashmalariga nisbatan choralar ko‘rildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi maʼlum qildi.
Qo‘mita oʻtkazgan o‘rganishlarga ko‘ra, 2023–2024-yillar hamda 2025-yilning 1-iyuliga qadar Yangibozor tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 39 mingga yaqin fuqaroga jami qariyb 2 milliard so‘mlik, Gurlan tuman tibbiyot birlashmasida esa 120 mingga yaqin isteʼmolchiga 3 milliard so‘mga yaqin pullik xizmatlar koʻrsatilgan.
Tekshiruvlar davomida xizmat narxiga qo‘shimcha soliqlar qo‘shilgani, bemorlarga berilmagan dori-darmon va tibbiy buyumlar qiymati ham umumiy hisobga kiritilgani aniqlangan. Natijada 160 mingga yaqin isteʼmolchidan 230 million so‘mdan ortiq ortiqcha mablagʻ undirilgani fosh bo‘lgan.
Mazkur qonunbuzarliklar yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan. Tibbiyot birlashmalariga ortiqcha undirilgan mablagʻlarni fuqarolarga qaytarish hamda qonun talablariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Shuningdek, Oʻzbekistonda kommunal xizmat koʻrsatuvchi korxonalar 2025-yilning olti oyida isteʼmolchilarga ortiqcha hisoblangan 20 milliard soʻmga yaqin mablagʻni qaytargani avvalroq ma’lum qilingandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!