Iqtisod

O‘zbekistonda davlat qarzi sezilarli darajada oshgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda davlat qarzi sezilarli darajada oshgani ma’lum qilindi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 1-oktyabri holatida O‘zbekistonning umumiy davlat qarzi 43,96 milliard dollarga yetgan. Bu o‘tgan yilning ayni davriga nisbatan qariyb 4,9 milliard dollarga ko‘p.

Qarzlarning 84 foizi, ya’ni 36,72 milliard dollari — tashqi qarz; ichki majburiyatlar esa 7,24 milliard dollarni tashkil etadi. Kreditlarning yarmidan ortig‘i AQSH dollarida olingan, qolgan qismi yevro va so‘mda rasmiylashtirilgan.

Tashqi qarzning katta ulushi xalqaro moliya institutlari hissasiga to‘g‘ri keladi:

  • Jahon banki — 8 mlrd dollar,

  • Osiyo taraqqiyot banki — 7,5 mlrd dollar.

Shuningdek, Xitoy 3,76 mlrd, Yaponiya 3,12 mlrd dollarlik kredit ajratgan. Xalqaro obligatsiyalar orqali esa 5,83 mlrd dollar jalb etilgan.

Olingan tashqi mablag‘larning qariyb 47 foizi17,42 mlrd dollar byudjet taqchilligini qoplashga yo‘naltirilgan. Yana:

  • 5,8 mlrd dollar — yoqilg‘i-energetika sohasi uchun,

  • 4,1 mlrd dollar — elektr energetikasi uchun,

  • 3,27 mlrd dollar — qishloq va suv xo‘jaligiga sarflangan.

Qarzning qolgan qismi boshqa tarmoqlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.