Jamiyat

Toshkentda havoni ifloslantirayotgan obyektlarga nisbatan keng ko‘lamli choralar ko‘rildi

Toshkentda havoni ifloslantirayotgan obyektlarga nisbatan keng ko‘lamli choralar ko‘rildi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 24–28 noyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilgan reydlar davomida havoni ifloslantirayotgan bir qator issiqxonalar va qurilish obyektlarining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Ishchi guruhlar 1 449 ta issiqxonani tekshirib, ulardan 67 tasini to‘xtatgan. 403 nafar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 19 ta xo‘jalikka gaz tarmog‘iga ulanish uchun texnik shartlar berilgan.

Poytaxt bo‘ylab 53 ta noqonuniy qurilish aniqlangan. Ularning aksariyati atmosfera havosini me’yoridan ortiq ifloslantirgani ma’lum bo‘lgan. Natijada 34 ta obyektning qurilishi to‘xtatilgan, 188 nafar mas’ulga jarima qo‘llanilgan va 51 ta obyektga changni kamaytiruvchi suv purkagichlar o‘rnatilgan.

Shahar bo‘ylab avtomobillar ham tekshirildi: yukini yopmasdan harakatlangan 837 ta haydovchi va havoni me’yoridan ko‘proq ifloslantirgan 206 ta avtomobilga jarima belgilandi.

Mikroiqlimni yaxshilash uchun 77 ta ko‘cha va 165 ta jamoat joyi namlantirilib, kanallar va ariqlar tozalandi, 126 ta favvora ishga tushirildi.

Toshkent viloyatida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bo‘yicha 54 ta holat aniqlangan.

Komissiya transchegaraviy ifloslanish masalasini ham ko‘rib chiqqan. Qozog‘istonning Sariag‘ash tumanida joylashgan, umumiy 2 614 gektar hududni egallagan 7 712 ta issiqxonaning salbiy ta’siri alohida qayd etilgan. O‘zbekiston tomoni Qozog‘istonga hamkorlikda chora ko‘rishni taklif qilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida Toshkent havosidagi PM 2,5 zarrachalari miqdori bosqichma-bosqich kamaygani qayd etilgan: 24 noyabrdagi 171 mikrogramm ko‘rsatkich 28 noyabrda 97 mikrogrammga tushgan.