Samarqand viloyati Toyloq tumanida bir guruh shaxslar bir nechta yuk mashinasini qasddan yoqib yuborgan. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
28-noyabr kuni soat 21:50da “Beklar” mahallasida yuzaga kelgan janjal natijasida K.A., o‘zining ikki o‘g‘li bilan birga, G‘.R. va N.R. boshqaruvidagi yuk mashinalariga benzin sepib, yong‘in qo‘zg‘atgan. Yong‘in tezkor ravishda bartaraf etilgan va boshqa transport vositalari hamda yuklarga zarar yetkazilishining oldi olingan.
Guvohlarning aytishicha, dastlab ikki “KamAZ” yoqilgan, so‘ng logistika markazida yana bir furani yondirishga urinish bo‘lgan. Yong‘in natijasida tadbirkor 600 million so‘mga yaqin zarar ko‘rgan.
Mazkur holat yuzasidan Toyloq tumani IIB Tergov bo‘linmasi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va aybdor shaxslarga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Jinoyat kodeksining 173-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish uchun jazo 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha yetishi mumkin.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!