Iqtisod

2026-yilda byudjet xarajatlarining 25,5 foizi ta’lim va fan rivojiga yo‘naltirilishi mumkin

2026-yilda byudjet xarajatlarining 25,5 foizi ta’lim va fan rivojiga yo‘naltirilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, kelgusi yilda ijtimoiy sohalarga 220 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu jami byudjet xarajatlarining 54,7 foizini tashkil etadi.

Loyiha doirasida:

  • 25,5% mablag‘ ta’lim va fan sohasiga,

  • 12,1% sog‘liqni saqlashga,

  • 4,2% aholini ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirilishi belgilangan.

Muhokama chog‘ida deputatlar maktab darsliklari masalasiga alohida to‘xtalib, ularga ajratilayotgan mablag‘lar yil sayin oshayotgani, ammo ba’zi hududlarda darsliklar bilan ta’minotda muammolar hanuz mavjudligini qayd etishdi.

Shuningdek, 2026-yilda mahalliy yo‘nalishlarda temir yo‘l yo‘lovchi tashish xizmatlari bo‘yicha zararlarni qoplash uchun byudjetdan 700 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, 2026-yil davlat byudjeti daromadlari 368,9 trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2025-yil daromadlar prognozi 345,2 trillion so‘mni tashkil qilgan. Umumiy xarajatlar miqdori esa 402,4 trillion so‘m, ya’ni YIMning 20,4 foiziga teng bo‘lishi rejalashtirilmoqda.