Siyosat

Jizzax viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi

Jizzax viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi

Jizzax viloyatida Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, hududning so‘nggi yillardagi rivojlanish natijalari va kelgusi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Sanoat va investitsiyalar

O‘tgan sakkiz yilda viloyatda 6,5 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari ishga tushdi, sanoat ulushi 45 foizga yetdi. Jizzax yiliga 175 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega hududga aylandi.
“Jizzax” EIZda 510 mln dollarlik loyihalar doirasida 10 ming kishi ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, yana 540 mln dollarlik istiqbolli loyihalar davom etmoqda.

Viloyatda qo‘shimcha 200 MW joriy yil, 300 MW kelasi yilda quvvatlar yaratiladi. Bundan tashqari, 150 ta kichik va mini GES ishga tushiriladi.

Turizm va infratuzilma

Zomin, Forish, Arnasoy va Jizzax shahrida qisqa muddatda 2 mlrd dollarlik 500 dan ortiq turizm va servis obyektlari ish boshladi. Arnasoy va Zominda yil davomida faoliyat yurituvchi kurort zonalari va aeroportlar barpo etildi.

Prezident Baxmal – Zomin – G‘allaorol yo‘nalishida yagona turizm halqasini yaratish, 158 km yo‘lni ta’mirlashni boshlash, Baxmalda 40 mln dollarlik turizm klasterini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, Arnasoy aeroportini katta samolyotlarni qabul qila oladigan darajada kengaytirish va Aydar-Arnasoy ko‘ligacha temir yo‘l tortish rejalashtirilgan.

Qishloq xo‘jaligi

Viloyatda 28 ming gektar intensiv bog‘ va tokzorlar, cho‘l hududlarda 12 ming gektar bog‘ va sabzavot maydonlari tashkil etildi.
2026-yildan kartoshkachilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi kredit va subsidiya mexanizmlari joriy etiladi:

  • 12 foizlik bir yillik kredit, 6 oylik imtiyozli davr;
  • kreditning 50 foizigacha kafillik;
  • suv nasoslari uchun sarflangan elektrning 50 foizi qoplab beriladi;
  • texnika bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi;
  • elita urug‘larini saqlash xarajatining 50 foizi subsidiya qilinadi.

Baxmalda bog‘dorchilik bo‘yicha tajriba maktabi tashkil etiladi va berilgan imtiyozlar keyinchalik butun respublika bo‘ylab tatbiq etiladi.

Yangi hokim tasdiqlandi

Sessiyada tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Urbanizatsiya va infratuzilma

Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya sifatida rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi.
Shahardagi tirbandlikni kamaytirish maqsadida 10 km aylanma yo‘l qurilishi belgilandi. Dashtobod – Xovos temir yo‘l yo‘nalishida yangi ko‘prik bunyod etilmoqda.

Yig‘ilish yakunida davlat rahbari amalga oshirilayotgan ishlarning asosiy maqsadi xalq farovonligini oshirish, Jizzaxni har tomonlama rivojlangan hududga aylantirish ekanini ta’kidladi.

Sessiya davomida viloyat va tuman hokimlarining hisobotlari eshitildi, faollarning taklif va fikrlari muhokama qilindi.