Siyosat

MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi yig‘ilishida Rossiyadagi o‘zbek talabalari huquqlari tiklangani ta’kidlandi

MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi yig‘ilishida Rossiyadagi o‘zbek talabalari huquqlari tiklangani ta’kidlandi

2025-yil 5-dekabr kuni Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova onlayn tarzda ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Armaniston, Belarus, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston delegatlari insonning toza atrof-muhitga bo‘lgan huquqi, sun’iy intellekt sharoitida huquqlarni himoya qilish, yoshlar huquqlari va xalqaro hamkorlikni kengaytirish kabi 10 dan ortiq masalani muhokama qildi.

Yoshlar huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston tahlili taqdim etildi

F.Eshmatova MDHga a’zo davlatlarda yoshlar huquqlarini ta’minlash holatiga bag‘ishlangan tahlil natijalarini taqdim etdi. Unda yoshlarning ta’lim, bandlik va sog‘liqni saqlash sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirish, davlatlar o‘rtasida tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Rossiyadagi o‘zbek talabalarining murojaati ijobiy hal etildi

Ombudsmanning oktabr oyidagi Moskva tashrifi vaqtida o‘tkazilgan fuqarolar qabuli davomida Rossiyada tahsil olayotgan bir guruh o‘zbekistonlik talabalar o‘z huquqlari buzilayotgani yuzasidan murojaat qilgan edi. Mazkur murojaat RF Ombudsmani va boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘rganilgan.

Komissiya yig‘ilishida MDH Inson huquqlari komissiyasiga raislik qilayotgan Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova mazkur murojaat bo‘yicha amaliy natija qayd etdi. Unga ko‘ra, ta’lim muassasasi ma’muriy loqaydligi sabab huquqlari buzilgan 50 nafarga yaqin o‘zbek talabalarining masalasi to‘liq ijobiy hal etilgan.

O‘zaro hamkorlik samarasi

Yig‘ilishda bu holat MDH doirasidagi samarali hamkorlikning amaliy natijasi sifatida e’tirof etildi. Milliy inson huquqlari institutlari o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik va tezkor axborot almashinuvi inson huquqlarini himoya qilishda muhim omil ekanligi yana bir bor ta’kidlandi.