Janubiy Afrika Respublikasida davom etayotgan Freestyle Chess Grand Slam musobaqasida pley-off bosqichi boshlandi. Turnirda jami 660 ming dollar mukofot jamg‘armasi va dunyoning eng kuchli 8 shaxmatchisi – Javohir Sindorov (O‘zbekiston), Magnus Karlsen (Norvegiya), Fabiano Karuana (AQSH), Vinsent Keymer (Germaniya), Arjun Erigaisi (Hindiston), Levon Aronyan (AQSH), Xans Niemann (AQSH) va Parham Maksudlu (Eron) ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston shaxmatchisi Javohir Sindorov pley-offning birinchi bosqichida Parham Maksudluga qarshi har ikki partiyada g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Saralash bosqichida Sindorov 8 imkoniyatdan 6,5 ochko jamg‘argan holda 1-o‘rinni egallagan edi. Turnir reglamentiga ko‘ra, dastlabki uch o‘rinni egallagan shaxmatchilar pley-offda mos raqib bilan juftlashtiriladi; Sindorov esa oxirgi o‘rinni egallagan Maksudluni tanladi.
Yarim finalda Sindorov Fabiano Karuana va Magnus Karlsen juftligi g‘olibiga qarshi bahs olib boradi. Dastlabki bahsda Karuana, javob uchrashuvida esa Karlsen g‘alaba qozondi. Endi yarim final g‘olibi tay-brekdan keyin aniqlanadi. Mag‘lublar yo‘lagi orqali esa 5–8-o‘rinlar uchun kurash davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, saralash bosqichida Sindorov rapid bahsda Karlsen va Karuana ustidan ham zafar quchgan edi. Turnir 8–11-dekabr kunlari Keyptaun shahrida bo‘lib o‘tadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!