Germaniyada SSSR va GDR davri arboblari nomi bilan atalgan o‘ndan ortiq ko‘chalar qayta nomlanishi mumkin. Bundestagning qatag‘on qurbonlari ishlari bo‘yicha vakili Evelin Supke Bild nashriga bergan bayonotida bu kabi nomlar zamonaviy Germaniya qadriyatlariga mos kelmasligini ta’kidladi.
Mamlakatning sharqiy hududlarida hali ham Vladimir Lenin, GDR rahbarlari Otto Grotevol va Vilgelm Pik nomidagi ko‘chalar uchraydi. Supke fikricha, Germaniya birlashganiga 35 yil bo‘lgan bir paytda repressiyalar va totalitar tuzum bilan bog‘liq shaxslar nomlari ko‘chalarda qolmasligi kerak.
Bildning yozishicha, ba’zi hududlarda sovet davri bilan bog‘liq boshqa nomlar ham saqlanib qolgan. Masalan, Erfurtda “8 mart LPX” ko‘chasi, Sandersdorf-Brenada esa sotsialistik mehnat rekordlari sharafiga nomlangan ko‘cha bor. Saksoniya-Anxaltning Vayssenfels-Borau tumanida esa Lenin, Germaniya–Sovet do‘stligi va Vilgelm Pik ko‘chalari bir nuqtada kesishadi.
Mahalliy hokimiyatlar nomlarni o‘zgartirishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, qaror aholi roziligi bilan qabul qilinishi kutilmoqda. Yerixov jamoasida Lenin, Pik va Ernst Telman nomli ko‘chalarni o‘zgartirish rejalari keskin bahsga sabab bo‘lgan. “Germaniya uchun muqobil” partiyasi bunga qarshi chiqmoqda. Masala hatto oliy ma’muriy sudgacha yetib borib, yakuniy qaror 26-yanvarda chiqarilishi rejalashtirilgan.
Aholi orasida manzil o‘zgarishi bilan bog‘liq byurokratik jarayonlardan xavotir kuchli. Ba’zi shaharlarda esa masala kun tartibiga ham qo‘yilmagan — Nauenda hokimiyat hali bu bo‘yicha biror taklif kelib tushmaganini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Germaniya GFR va GDRga bo‘lingan, Sharqiy Germaniya SSSR ta’sirida shakllangan edi. 1990-yil 3-oktyabrda mamlakat rasman birlashgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!