Taniqli jurnalist va sobiq deputat Karim Bahriyev “Lolazor” podkastida bergan intervyusida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bilan bog‘liq kutilmagan voqeani eslab o‘tdi. Uning aytishicha, Islom Karimov bir vaqtlar unga qizi Gulnora Karimovaga uylanishni taklif qilgan.
1962-yilda Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug‘ilgan Karim Bahriyev o‘z faoliyati davomida prezident bilan bir necha bor uchrashganini aytadi. U mazkur taklif haqida 30 yil davomida hech kimga og‘iz ochmaganini, faqat ayrim tafsilotlar keyinchalik sobiq davlat maslahatchisi Mavlon Umurzoqov maqolasida tilga olinganini qayd etdi.
Bahriyevning aytishicha, u o‘sha paytda toshkentlik qiz bilan unashtirib qo‘yilgani sababli taklifni rad etgan.
“Islom Abdugʻaniyevichga boshqaga uylanayotganimni aytdim. ‘Mayli, baxtli bo‘lgin’, deb fotiha berdi. Faqat ‘to‘yingga borsam, qo‘riqchilarim xunob qilib tashlaydi’, deb hazillashdi”, — deydi jurnalist.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sovchilari orasida Mavlon Umurzoqov, Xayrulla Jo‘rayev va yozuvchi Abduqahhor Ibrohimov bo‘lgan. Bu voqeadan keyin Islom Karimov hazil aralash uni “qo‘shmachi ekan” deb ham aytgan.
Keyinchalik Gulnora Karimovaga Mansur Maqsudiy sovchi qo‘ygan va ular turmush qurgan. Maqsudiylar keyinchalik 10 yil birga yashagan, biroq ajrimdan so‘ng O‘zbekistondagi bizneslari, jumladan Coca-Cola Bottlers Uzbekistan’dagi ulushi tortib olingan.
Gulnora Karimova esa 2015-yildan boshlab bir necha jinoyat ishlari bo‘yicha sudlangan. 2019-yilda unga 13 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazo muddati 2015-yil avgustidan boshlab hisoblanmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!