Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u yo‘lning narigi tomoniga o‘tmoqchi bo‘lgan, biroq noma’lum shaxs noo‘rin harakatlar bilan kela boshlagan. Ayol yerosti yo‘lagiga tushganida esa yana o‘sha odam qarshisidan chiqib, yo‘lini to‘sgan. Shundan so‘ng jabrlanuvchi uni itarib yuborib, bekatgacha yugurib borgan va IIOga qo‘ng‘iroq qilgan.
“Ichkilik ichib, yerosti yo‘lagidan o‘tib ketayotib, bir qizga jinsiy a’zomni ochib ko‘rsatdim. Bu uni qo‘rqitdi. Men buni birinchi marta qilishim. O‘zim ham kutmagandim. Qiz juda qo‘rqib ketdi. Men undan qilgan harakatlarim uchun chin dildan kechirim so‘rayman. Bu boshqa qaytarilmaydi”, — dedi ayblanuvchi.
IIO xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilishi uchun erkak IIBga chaqirilgan. Biroq u rasmiy chaqiruvga qaramasdan, xodimlarning qonuniy talablarini bajarmagan. Keyinchalik u yashash manzilidan majburiy tartibda IIBga olib kelingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi erkakni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (Shahvoniy shilqimlik qilish), 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) birinchi qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topdi. Unga uzil-kesil 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.