Jahon, Siyosat

Kubaga «o‘lim» ultimatumi: Tramp Gavanani energetik qafasga solib, taslim bo‘lishni talab qildi

Kubaga «o‘lim» ultimatumi: Tramp Gavanani energetik qafasga solib, taslim bo‘lishni talab qildi
ST CLOUD, MINNESOTA – JULY 27: U.S. Republican Presidential nominee former President Donald Trump arrives to speak during a rally at Herb Brooks National Hockey Center on July 27, 2024 in St Cloud, Minnesota. Trump hopes to flip the state of Minnesota this November, which hasn’t been carried by a Republican in a presidential election since 1972. (Photo by Stephen Maturen/Getty Images)

Vashington va Havana o‘rtasidagi sovuq munosabatlar o‘zining eng xavfli nuqtasiga yetdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Truth Social tarmog‘i orqali Kuba hukumatiga keskin ogohlantirish yo‘llab, ularni «juda kech bo‘lmasdan» bitim tuzishga chaqirdi. Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, orol-davlatni o‘n yillab iqtisodiy jihatdan quvvatlab kelgan Venesuela nefti va pullari endi butunlay to‘xtatiladi. «Endi Kubaga na yoqilg‘i, na mablag‘ boradi — natija nol bo‘ladi!» — deya qat’iy bayonot berdi Tramp.

Bu tahdidlar ortida Karakasdagi daxshatli harbiy burilish yotibdi. 3-yanvarga o‘tar kechasi AQSH maxsus kuchlari Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni qo‘lga olib, Nyu-Yorkka deportatsiya qildi. Tramp o‘z postida ushbu operatsiyaga to‘xtalib, Maduroni qo‘riqlagan kubalik harbiylarning aksariyati yo‘q qilinganini qistirib o‘tdi. Uning fikricha, Venesuela endi orollik «tovlamachilar» himoyasiga muhtoj emas, chunki u yerda endi «dunyoning eng qudratli armiyasi» — AQSH qo‘shinlari nazorati o‘rnatilgan. Kuba tomoni esa ushbu to‘qnashuvda 32 nafar o‘z jangchisi halok bo‘lganini tasdiqladi.

Gavana ma’muriyati ushbu ultimatumni keskin rad etdi. Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel mamlakat mustaqil va suveren ekanini eslatib, Trampni «inson hayotini ham savdo ob’ektiga aylantirgan»likda aybladi. Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges esa AQSHni «jinoiy va nazoratsiz gegemon» deb atab, Kuba yonilg‘ini istalgan bozordan sotib olishga haqli ekanini ta’kidladi. Biroq, voqelik Havana uchun ayanchli: AQSH dengiz floti Venesueladan chiquvchi tankerlar yo‘lini to‘sib qo‘ygani sababli orolda allaqachon energetika falaji boshlangan.

Tramp ma’muriyati G‘arbiy yarimsharda mutloq hukmronlikni ko‘zlovchi «Donro doktrinasi»ni (Monro doktrinasining yangilangan varianti) faol tatbiq etmoqda. Bu reja nafaqat Kubani, balki mintaqadagi boshqa so‘l hukumatlarni ham qattiq xavotirga solmoqda. Masalan, Tramp Kolumbiya prezidenti Gustavo Petroga ham «o‘z joni haqida qayg‘urish»ni maslahat berib, u yerda ham harbiy amaliyotlar o‘tkazish ehtimoliga ishora qildi. Bugungi kunda Kuba iqtisodiyoti 60 yillik embargo va yangi blokada ostida qulash arafasida turibdi, Vashington esa «Kuba shundoq ham taslim bo‘lishga tayyor» degan ishonchda bosimni yanada oshirmoqda.