Eronda davlat deyarli aloqa va axborotni butunlay yo‘q qildi. Internet 100 soatdan oshiq vaqt davomida o‘chiq. Telefon tarmoqlari ishlamaydi. Reuters manbasiga ko‘ra, ko‘chalarda qon oqmoqda — halok bo‘lganlar soni 2 ming nafarga yaqinlashgan. AQSh prezidenti Donald Tramp esa vaziyatni yashirmay, eronliklarni rejimni qulatishga ochiqcha da’vat qilmoqda.
Mamlakat axborot qafasiga tashlandi
28 dekabrda boshlangan noroziliklar 17 kundan beri davom etmoqda. 13 yanvar nisbatan “sokin” kun bo‘ldi — ammo bu tinchlik emas, axborot bo‘g‘ilishi natijasi. Sharqshunos Nikita Smaginning aytishicha, atigi 14 ta kichik aksiya qayd etilgan. Yirik namoyishlar yo‘q. Sabab bitta: eronliklar na bir-biri bilan, na tashqi dunyo bilan bog‘lana olmoqda.
NetBlocks ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, internet uzilishi 100 soatdan oshgan. Starlink ham o‘chirib tashlangan. Sun’iy yo‘ldosh aloqasi rejim uchun haddan tashqari xavfli edi. Telefonlar deyarli ishlamaydi. Associated Press suhbatdoshlariga ko‘ra, Tehron ko‘chalari harbiylashtirilgan, hukumat binolari yoqilgan, xavfsizlik kuchlari esa yo‘lovchilarni to‘xtatib, uyma-uy bostirib kirib, Starlink qurilmalarini ovlamoqda.
Qirg‘in miqyosi yashirilmoqda
Rasmiy raqamlar yolg‘on. HRANA huquq faollari 16 kun ichida kamida 646 kishi o‘ldirilganini tasdiqlaydi. Ularning 505 nafari — namoyishchilar. To‘qqiz nafari — bolalar. 133 nafari — kuch ishlatar tizim xodimlari. 10 700 dan ortiq odam qamoqqa tashlangan.
Reuters bilan anonim suhbatda Eron rasmiysi esa haqiqiy raqamni aytgan: 2 ming o‘lik. Ijtimoiy tarmoqlarda Qahrizoqdagi o‘likxonadan tarqalgan videolar bu raqam yolg‘on emasligini ko‘rsatmoqda — jasadlar qoplarda, hisobga ham olinmayapti.
Rejim endi ochiq qo‘rqitishga o‘tdi
Qo‘zg‘olon fonida birinchi o‘lim hukmi chiqarildi. 26 yoshli Efron Soltaniy qatl etiladi. Ayb noma’lum. Sud noma’lum. Himoya yo‘q. Hengaw tashkiloti buni ochiq aytmoqda: bu — jamiyatni sindirish uchun ko‘rsatma qatl. Hukumat tezkor sudlar bilan odamlarni qo‘rqitmoqchi.
AQSh iqtisodiy va harbiy bosimni oshirmoqda
Donald Tramp Eron bilan savdo qilayotgan har qanday davlatga 25 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Bu Eron iqtisodiyotiga navbatdagi zarba. Bu qaror Xitoy bilan savdo muvozanatini ham xavf ostiga qo‘yadi — ammo Tramp signal bermoqda: Eron masalasida murosa bo‘lmaydi.
Vashington AQSh fuqarolarini zudlik bilan Eronni tark etishga chaqirdi. Bu signal oddiy emas. 2025 yil iyunida ham xuddi shunday chaqiriq yadroviy obyektlarga zarbalar oldidan yangragan edi. Bugun Oq uy yana variantlarni ko‘rib chiqmoqda: kiberurush, ichki xavfsizlik apparatini ishdan chiqarish, yadroviy obyektlar va raketa omborlariga zarbalar.
Tehron tahdid va muzokara o‘rtasida
TIV rahbari Abbos Araqchi “harbiy variantga ham tayyormiz” deydi, ammo bir vaqtning o‘zida muzokaraga chaqirmoqda. Bu zaiflik belgisi. Rejim bosim ostida.
Trampning ochiq chaqirig‘i
Donald Tramp 13 yanvar kuni shunday yozdi:
“Eron vatanparvarlari! Namoyishlarni to‘xtatmang. Davlat muassasalarini egallab oling. Qotillar va zo‘ravonlarning ismlarini qayd eting — ular javob beradi. Namoyishchilarni o‘ldirish to‘xtamaguncha Eron bilan barcha uchrashuvlarni bekor qildim. Yordam yo‘lda. MIGA!”
Germaniya kansleri Fridrix Mers esa buni yanada ochiq aytdi:
“Dunyo oyatulloh rejimining so‘nggi kunlarini kuzatyapti.”
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!