Jahon, Siyosat

𝗣𝗿𝗲𝘇𝗶𝗱𝗲𝗻𝘁 𝗝𝗮𝗽𝗮𝗿𝗼𝘃 𝗼𝗶𝗹𝗮𝘀𝗶𝗻𝗶𝗻𝗴 𝟮𝟬𝟮𝟱-𝘆𝗶𝗹𝗴𝗶 𝗱𝗮𝗿𝗼𝗺𝗮𝗱𝗹𝗮𝗿𝗶𝗱𝗮 𝗸𝗮𝘁𝘁𝗮 𝗳𝗮𝗿𝗾 𝗮𝗻𝗶𝗾𝗹𝗮𝗻𝗱𝗶

𝗣𝗿𝗲𝘇𝗶𝗱𝗲𝗻𝘁 𝗝𝗮𝗽𝗮𝗿𝗼𝘃 𝗼𝗶𝗹𝗮𝘀𝗶𝗻𝗶𝗻𝗴 𝟮𝟬𝟮𝟱-𝘆𝗶𝗹𝗴𝗶 𝗱𝗮𝗿𝗼𝗺𝗮𝗱𝗹𝗮𝗿𝗶𝗱𝗮 𝗸𝗮𝘁𝘁𝗮 𝗳𝗮𝗿𝗾 𝗮𝗻𝗶𝗾𝗹𝗮𝗻𝗱𝗶

 

Qirg‘iziston Davlat soliq qo‘mitasi prezident Sadir Japarov va uning oilasi 2025-yilda qancha topganini rasman e’lon qildi.

Qirg‘iziston Davlat soliq qo‘mitasi 2025 yil uchun davlat lavozimlarini egallab turgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlarining daromad, xarajat va mol-mulklari bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotlarni e’lon qildi. Hisobotda eng ko‘p e’tibor tortgan ma’lumotlar prezident oilasiga taalluqli.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2025 yilda 2,21 million som, ya’ni 25 ming dollardan ortiq daromad olganini ma’lum qilgan. Hisobotda uning yil davomidagi xarajatlari haqida ma’lumot esa keltirilmagan.
Prezident mulki sifatida bir qator yirik aktivlar qayd etilgan. Ular orasida maydoni 2 627 kvadrat metr bo‘lgan biznes-markaz, 0,63 gektar qishloq xo‘jaligi yeri, shuningdek, umumiy maydoni 2 125 kvadrat metrni tashkil etuvchi tomorqa va bog‘dorchilik yer uchastkalari bor. Shuningdek, qiymati 100 ming som deb baholangan yengil avtomobil ham deklaratsiyaga kiritilgan. Shu bilan birga deklaratsiyada 1,16 milliard somlik aktivlar legallashtirilgani aks etgan
Prezidentning yaqin qarindoshlari esa 29,7 million som, ya’ni 339 ming dollardan ortiq daromad olgan. Ularga oid xarajatlar bo‘yicha ham ochiq ma’lumot berilmagan. Bu holat daromad va sarf-xarajatlar o‘rtasidagi mutanosiblik yuzasidan savollarni kuchaytirgan.
Markaziy Osiyoda moliyaviy shaffoflik masalasi hali ham to‘liq hal etilmagan. Ayrim davlatlarda daromadlar e’lon qilinsa-da, yirik aktivlar va xarajat manbalari ko‘pincha ochiq qolmoqda. Mutaxassislar fikricha, bunday amaliyot hokimiyatning real hisobdorligiga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qozog‘istonda davlat xizmatchilari daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya e’lon qilishlari shart: unda deklarant va turmush o‘rtog‘ining ma’lumotlari, hisobot davri va soliqqa tortiladigan daromadlarning umumiy summasi ko‘rsatiladi. Masalan, 2024-yilgi hisobotlarda ayrim holatlarda faqat amaldorlarning turmush o‘rtoqlari daromad ko‘rsatib, davlat xizmatchilarining o‘zlari nol ko‘rsatkichni qayd etgan.
O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonun 2017 yildan beri muhokama qilinmoqda. 2025 yil bahorida prezident qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga chiqarish bo‘yicha topshiriq bergan edi, biroq hujjat hali ham qabul qilinganicha yo‘q.