O‘zbekiston yashash eng arzon bo‘lgan dunyoning top-20 ta davlati qatoriga kirdi. Bu haqda Numbeo xalqaro tahliliy platformasi maʼlumotlarida keltirilgan.

2026-yilgi global yashash qiymati reytingiga ko‘ra, mamlakat 155 ta davlat orasida 138-o‘rinni egalladi. Bunda Nyu York shahri 100 ball bilan asos sifatida olingan bo‘lib, ko‘rsatkich qanchalik past bo‘lsa, mamlakatda yashash shunchalik arzon hisoblanadi.

O‘zbekistonda yashash xarajatlari indeksi 27,3 ballni tashkil etgan. Tovar va xizmatlar umumiy hisobda arzon bo‘lsa-da, xarid qobiliyatining o‘rtacha darajada qolayotgani aholining real daromadlari cheklanganini ko‘rsatadi.

Jahonda arzonlik darajasi bo‘yicha Toshkent 479 ta shahar orasidan 431-pog‘onani band qilgan. Eng qimmat hudud esa Shveysariyaning shimoliy qismidagi Syurix shahri bo‘ldi.

Numbeo tahlili asosiy 5 yo‘nalishda amalga oshiriladi. Unda O‘zbekiston quyidagi natijalarni qayd etdi:

  • uy-joy ijara haqi – 12,2 ball (mintaqadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri);
  • uy-joy ijarasini hisobga olgan holda yashash qiymati indeksi — 20,6 ball;
  • oziq-ovqat mahsulotlari – 30,1 ball;
  • restoranlardagi narxlar – 23 ball;
  • xarid qobiliyati – 47,8 ball.

 

Markaziy Osiyo davlatlari orasida mamlakat uchinchi o‘rinda turibdi. Umumiy reytingda Qozog‘iston 128-o‘rin, Tojikiston 136-pog‘ona, Qirg‘iziston esa 140-o‘rinni egallagan. Turkmaniston bo‘yicha maʼlumotlar tadqiqotda keltirilmagan.

Dunyoning hayot kechirish eng qimmat hududlari sifatida Bermud, Kayman orollari va Virjin orollari qayd etilgan bo‘lsa, Pokiston, Hindiston hamda Liviya yashash xarajatlari eng past bo‘lgan davlatlar qatoridan joy olgan.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, Toshkent Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz shahar deb topilgandi . Jahon reytingida esa 51-pog‘onadan joy oldi. Ro‘yxatdan Markaziy Osiyoning yana ikki shahri Ostona (dunyo bo‘yicha 81-o‘rin) va Olmaota (dunyo bo‘yicha 195-o‘rin) ham bor.

Bunda jinoyatchilik darajasi, politsiya xizmatining mavjudligi, jamoat xavfsizligi va shahar infratuzilmasining sifati asosiy omillar sifatida qaralgan.