“Rayxon oilaviy milliy taomlari” ta’sischisi Odilxon Ismoilov hibsga olindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar qildi.
Unga ko‘ra, 1977-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Odilxon Ismoilov va 6 kishi nisbatan Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yilgan:
- 167-modda (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
- 179-modda (Soxta tadbirkorlik), 184 (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash);
- 189-modda (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish);
- 28,209-modda (Mansab soxtakorligida ishtirok);
- 209-modda (Mansab soxtakorligi);
- 227-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish);
- 228-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish).
Ularga oid jinoyat ishi ayni paytda jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilmoqda.
Sudlanuvchi O.I. va yana 4 nafar shaxsga “qamoqqa olish”, 1 nafar shaxsga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Sud yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi ta’kidlandi.